Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, olis hududlarda joylashgan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning oylik ish haqiga maxsus ustama to‘lanishi nazarda tutilgan. Biroq Rishton tumanidan bir guruh o‘qituvchilar Qirg‘izistondagi eksklav hudud – Cho‘ng‘ara qishlog‘idagi maktabga qatnab ishlasalar-da, ularga qo‘shimcha ustama haqi to‘lanmayapti. O‘qituvchilar yordam so‘rab bormagan idora-yu vazirlik qolmagan.
Tahririyatimizga Farg‘ona viloyati Rishton tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 44-maktabning o‘qituvchilari nomidan murojaat kelib tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 12 nafar o‘qituvchi Rishton tumani markazidan 35 kilometr uzoqlikda qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Batkent viloyati hududidagi Cho‘ng‘ara qishlog‘ida joylashgan maktabda ishlaydi. O‘qituvchilar ta’lim dargohigacha 3 ta postdan (Rishton-Qaytpas davlat chegara postlari) o‘tishadi.

Eksklav hudud hisoblangan Cho‘ng‘ara qishlog‘idagi maktabda oliy ma’lumotli mutaxassis yetishmasligi sababli, o‘qituvchilar Rishton va boshqa tumanlardan jalb etilgan. Maktabga faqat Qirg‘iziston transportlari orqali boriladi.

Transport xarajatining o‘ziga o‘qituvchilar bir kunda kamida 60 ming so‘m sarflaydi. O‘qituvchilar uchun ajratilgan yotoqxona esa avariya holatida.
Olis hududlarda joylashgan umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning oylik ish haqiga qo‘shimcha ustamalar berish tartibini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining 471-sonli qaroridagi ustama pullari berilmayapti. Cho‘ng‘ara qishlog‘i negadir ro‘yxatdan tushib qolgan. O‘qituvchilar masala yuzasidan tuman va viloyat hokimliklariga, tegishli vazirlik, idoralarga murojaat qilishgan. Lekin natija bo‘lmagan.
O‘qituvchilar biri Otabek Abdullayev qaror ijrosi ta’minlanmayotgani, masala yuzasidan eshigi qoqilmagan idora-yu tashkilot qolmagani haqida gapirdi.
































