15:56 / 27.09.2020
16477
O‘zbekistonda ilk bor avto-moto festival bo‘lib o‘tmoqda

Tashkilotchilar avtomobil ixlosmandlari uchun bu tadbir har yili o‘tkaziladigan muhim mintaqaviy loyihaga aylanishiga umid qilishmoqda.

26-27 sentabr kunlari O‘zbekistonda ilk marta Amirsoy Mountain Resort tog‘-chang‘i kurorti hududida avtomobil ixlosmandlari uchun katta bayram – avto-moto festival bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu festival prezidentning “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan.

Shu ikki kun mobaynida “Amirsoy” kurorti 150 dan ortiq tyuninglangan eksklyuziv avto va moto texnika uchun yirik avtoparkka aylanadi. Festival tashkilotchilari mehmonlar va ishtirokchilar uchun DJ’larning jonli (Live) chiqishlari, test-drayv, mototsikl rayderlarining tryuklari, driftlar, kurort bo‘ylab ekskursiya va turli xildagi sovrinli tanlovlar kabi ko‘ngilochar dasturlarni namoyish qilishmoqda.

Tashkilotchilar avtomobil ixlosmandlari uchun ushbu tadbir har yili o‘tkaziladigan muhim mintaqaviy loyihaga aylanishiga umid qilishmoqda.

Uzbekinvest, UzAvto Motors, Adrenaline Rush hamda boshqa bir qator taniqli kompaniyalar mazkur festivalni tashkillashtirishda hamkor bo‘lishdi.

Eslatib o‘tamiz, Amirsoy Mountain Resort tog‘-chang‘i kurorti Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniya mutaxassislari ishtirokida 2 yildan kamroq vaqt mobaynida 900 gektar maydonda qurilgan.

Uzunligi 2193 metr bo‘lgan kanat yo‘li, ko‘p funksiyali markazlar, shinam shalelar, restoran, hammom majmuasi, SPA, basseynlar va boshqa turli yoshdagi sayyohlar va oilaviy dam olish uchun mo‘ljallangan inshootlar 2019 yilning dekabr oyida qurib bitkazilgan.

Top