15:37 / 29.09.2020
25113
Yo‘llardagi fojialarni qanday kamaytirish mumkin: bolalarni avtohalokatlardan saqlash bo‘yicha Koreya tajribasi

Janubiy Koreyaning Yonsei universitetidan PhD Shohrux Avazov bolalar ishtirokidagi YTHlarni keskin kamaytirishga erishgan Koreyaning bu boradagi tajribasi haqida hikoya qiladi.

Shu oy boshida farzandi avtohalokatda vafot etgan ota o‘zi «zebra» chizig‘ini yangilab, piyodalar o‘tish joyi belgisini o‘rnatgani haqidagi xabarni o‘qib, nahotki bolalarga va umuman olganda, aholining shahar bo‘ylab harakatlanish xavfsizligiga bo‘lgan e'tibor va munosabat shunday davom etsa, degan savol tug‘ildi.

Nega boshqa davlatlarda bu xavfsizlikka juda jiddiy qaralib, shaharsozlik hamda davlat yoki mahalliy boshqaruvga jipslashuv va ilmiy qarash bilan yondashiladi, degan fikrlar ham xayolimda aylana boshladi. Garchi shaharsozlik va muhandislik sohasiga yaqin aloqam bo‘lmasa ham, boshqa mamlakatlarda kuzatilgan davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bizning jamiyat uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin, degan maqsadda ushbu maqolani yozishga qaror qildim.

Qonuniy asoslarni mustahkamlash

BMTning 1989 yildagi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida har bir bola o‘z farovonligi uchun zarur himoya va g‘amxo‘rlikka ega bo‘lishi lozimligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, xalqaro hujjatda «har bir bola yashash uchun ajralmas huquqa ega» va «tomonlar bolalarni parvarish yoki himoya qilish uchun mas'ul bo‘lgan muassasalar, xizmatlar va tashkilotlarning vakolatli organlari belgilab bergan standartlarga bo‘ysunishni, xususan, xavfsizlik sohasida muvofiq bo‘lishni ta'minlaydilar» deb ko‘rsatilgan.

Bu muhim tamoyilni ta'minlashning eng asosiy yo‘llaridan biri esa, dunyodagi bolalarning yo‘llarda halok bo‘lishlarini bartaraf etishdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016 yil uchun ma'lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab avtohalokat tufayli 1,35 million bola vafot etadi. 5–29 yoshdagi yoshlarning o‘lim sabablarining eng asosiysi YTHda olingan tan jarohati va avtohalokat bo‘lib qolmoqda.

Lekin ma'lum bir mamlakatlar bu sohada ko‘pgina islohotlar o‘tkazib, bolalarning avtohalokatdagi o‘limi holatlarini sezilarli kamaytirishga erishishgan. O‘zim faoliyat yuritayotgan Koreya Respublikasining muvaffaqiyatini misol qilib keltirishni maqsadga muvofiq, deb bildim, chunki mazkur davlat bolalarning avtohalokatdagi o‘limi holatlarini 1988–2012 yillar mobaynida 95 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Koreyada avtohalokat tufayli vafot etgan bolalar tendensiyasi (1970-2012).
Manba: Koreya Transport instituti

Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish uchun Koreyada turli choralar ko‘rib borilgan. Maktablar yaqinidagi yo‘llar holatini yaxshilash, bolalar uchun maktab avtobuslarining xavfsiz qatnovini ta'minlash, bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha sifatli ta'lim berish, yo‘l harakati xavfsizligiga ixtisoslashgan fuqarolik guruhlarini qo‘llab-quvvatlash, tegishli qonunchilik bazasini mustahkamlash dasturlari shular jumlasidan.

Qonunchilikdagi islohotlar natijasida bolalarning nafaqat piyoda sifatidagi huquqlari, balki ularning harakatlanish huquqlari ham kengroq ishlab chiqilgan. Oddiy piyoda yurish konsepsiyasidan ko‘ra ko‘proq masalalarni o‘z ichiga qamrab oluvchi normativ hujjatlar qabul qilingan. Misol sifatida «Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun» (Road Traffic Act), «Yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etishga oid maxsus ishlar to‘g‘risidagi qonun» (Act on Special Cases Concerning the Settlement of Traffic Accidens), «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun» (Traffic Safety Act), «Avtotransport vositalarini boshqarish to‘g‘risidagi qonun» (Motor Vehicle Management Act) kabilarni sanab o‘tish mumkin.

Bu qonunlarda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda bolalar o‘rindiqlari o‘rnatilishi lozimligi, tezyurar avtomagistrallarda harakatlanish tartibi, maktab va bog‘cha avtobuslari va ularning haydovchilariga bo‘lgan talablar, bolalar va piyodalarga yo‘l-harakati xavfsizligi bo‘yicha bilim berish mexanizmlari, yo‘l infratuzilmalarining talablari va shunga o‘xshash tartiblar belgilab qo‘yilgan.

Maktab zonalari loyihasi

Avtohalokatlarni kamaytirish va oldini olish maqsadida hukumat 1995 yilda maktab zonasi dasturini joriy qildi. 1997 yilda esa Koreyada ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari 10 milliondan oshganda huquqni muhofaza qilish organlari tezlikni oshirish yoki chorrahalarni noqonuniy kesib o‘tish natijasida kelib chiqqan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun avtomatik yo‘l harakati xavfsizligi kameralaridan foydalanishni boshladi.

Bu dasturga asosan, «maktab zonasi» deganda bolalarni ta'lim muassasalariga borishda va undan qaytishda yo‘l harakati xavfsizligi vositalari o‘rnatiladigan va boshqariladigan joy tushuniladi. Koreyaning ushbu tizimi bolalar bog‘chalari, boshlang‘ich maktablar, maxsus maktablar va xususiy maktablar yoki 100 va undan ortiq bolalar foydalanadigan bolalar muassasalariga xavfsiz yo‘nalishlarni ta'minlash orqali bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan.

Maktab zonalarida avtomobil va boshqa turdagi transport vositalarning harakat tezligi maksimum 30 km/s etib belgilangan. Shu maqsadda yo‘l harakati xavfsizligi vositalari va belgilari ushbu obektlarning asosiy darvozasidan 300 m radiusda yo‘lning ma'lum qismlariga o‘rnatiladi. Hozirgi kunda Koreyaning ko‘pgina katta va yangi qurilayotgan shaharlarida koreyalik olimlar va davlat xizmatchilari maktab zonalari tizimini yanada takomillashtirish va «Aqlli shahar» (Smart City) talablariga mos keladigan ravishda barpo etish ustida ish olib borishmoqda.

Vonju shahridagi maktablarning biridagi ko‘cha.
Yo‘lga «Bolalar uchun xavfsiz maskan» yozuvi tushirilgan.

Koreyadagi yana bir muhim tamoyillardan biri – bu haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari maktab zonalari va bolalar ko‘p bo‘lgan maxsus hududlarda buzilgan taqdirda jarimalar 2 yoki 3 barobar to‘lanishidir.

Maktab zonalari yo‘l-harakati qoidalari buzilgan taqdirda belgilanadigan jarimalar

Ma'lumot o‘rnida: 1 AQSh dollari - 1170 von
Manba: Koreya transport instituti

Muhim fuqarolik jamiyati institutlari

Koreyada bolalar orasida yo‘l-avtotransport xodisalari qurbonlarining kamayishi bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida gapirganda, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va samarali faoliyatini ham yodga olish juda muhim. Koreyadagi yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashni o‘z oldiga maqsad qilgan fuqarolik guruhlarini (shu jumladan, ko‘ngillilar tashkilotlari) quyidagi uch toifaga ajratish mumkin.

Birinchi toifa – bu politsiya (yoki boshqa davlat tashkilotlari) yoki maktab talablaridan kelib chiqib tashkil etilgan fuqarolik jamiyati tashkilotlari. Koreyada eng ko‘zga ko‘ringan bunday tashkilotlarga Koreya yashil onalar jamiyati (the Korea Green Mothers Society) va Koreyaning eng yaxshi haydovchilari uyushmasi (the Korea Best Driver Association)ni misol qilib olish mumkin.

Koreya yashil onalar jamiyati boshlang‘ich maktablardagi onalar guruhlaridan tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchi tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri politsiya bilan bog‘liq. Bu jamiyatlar Koreya hukumatining yo‘l xavfsizligi bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarida faol ishtirok etishadi va ularni tashkil etishda muhim rol o‘ynashadi. Misol uchun, Koreya yashil onalar jamiyatining mamlakat bo‘ylab deyarli 5700ta filiali va 530 ming a'zosi mavjud bo‘lib, xalqaro olimpiada va FIFA Jahon kubogi kabi global tadbirlarni tashkillashtirishda ham bevosita qatnashib, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga o‘z hissalarini qo‘shib kelishadi. Buning rag‘batiga esa, ular Koreya hukumati tomonidan turli xil qo‘llab-quvvatlovchi yordam hamda sovg‘alar olishadi.

Koreyaning eng yaxshi haydovchilari uyushmasi a'zolari esa asosan tijoriy avtotransport haydovchilaridan iborat bo‘lib, hafta kunlaridagi kunning tig‘iz vaqtlarida yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olish, yo‘l harakatining o‘z maromida davom etishi va bolalar ishtirokida baxsiz hodisalar yuzaga kelmasligini ta'minlash maqsadida politsiya xizmatiga yordam berib turishadi.

Koreya yashil onalar jamiyati a'zosining Seul shahridagi faoliyati

Ikkinchi toifaga esa yo‘l avtotransporti bilan bog‘liq baxsiz hodisalarda o‘z farzandlarini yo‘qotishdan azob chekkan oilalar tomonidan tashkil etilgan fuqarolik jamiyatlari kiradi. Koreyada ushbu toifadagi eng ko‘zga ko‘ringan guruhlar – Koreya bolalar harakati xavfsizligi uyushmasi (the Korea Association for Children’s Traffic Safety) va Koreya bolalar xavfsizligi fondi (the Korea Child Safety Foundation). Bu tashkilotlar a'zolari o‘z mablag‘lari evaziga bolalarning yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga harakat qiladilar.

Uchinchi toifadagi guruhlar bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari muammosini hal qilishda yuzaga keladigan ijtimoiy zaruriyatlar asosida tuzilgan jamiyatlar hisoblanadi. Yashil transport (Green Transport), Koreyaning xavfsiz farzandlari (Safe Kids Korea) va Bolalar xavfsizligi maktabi (the Kids Safety School) kabi tashkilotlar uchinchi toifani tashkil etadi.

Ushbu fuqarolik guruhlari transport bilan bog‘liq amalga oshirilishi kerak bo‘lgan islohotlar bo‘yicha Koreya hukumatiga o‘z takliflarini bildirib borishadi. Bolalarning yo‘l harakati xavfsizligi masalalarini olib chiqish va yo‘l-transport hodisalarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘ngilli xizmat ko‘rsatish dasturlarida ishtirok etadilar.

Birgina Koreya misolida ko‘rishimiz mumkinki, fuqarolik jamiyati va hukumat o‘rtasidagi faollik va birlashuv asosida qurilgan hamkorlik jamiyatdagi katta muammolardan biriga salmoqli yechim topishga va to‘g‘ri boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

Maqolada bolalar yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Koreyaga xos asosiy xususiyatlar bilan tanishib chiqdik. Koreyaning bolalar yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash modeli haqida ko‘proq amaliyotlarni qayd etish ham mumkin. Umid qilamanki, shunga o‘xshash kichik qadamlarni o‘z yurtimizda ham birgalikda amalga oshirsak, jamiyatimiz kichik a'zolari bo‘lgan bolalarning, farzandlarimizning xavfsizligini ta'minlashga katta hissa qo‘shgan bo‘lardik, deb hisoblayman.

Shohrux Avazov,
Janubiy Koreyaning Yonsei universiteti

Davlat boshqaruvi bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Top