Jahon | 19:52
892
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Dok Su isyon ishi bo‘yicha 23 yilga qamaldi

Sud Xan Dok Suni sobiq prezident Yun Sok Yolga davlat to‘ntarishiga urinishda yordam berganlikda aybdor deb topib, sodir bo‘lgan voqeani isyon deb baholadi.

Foto: Reuters

Seul markaziy tuman sudi Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Dok Suga harbiy holat joriy etishga urinish ishi bo‘yicha 23 yillik qamoq jazosini tayinladi, deb yozdi The Korea Herald.

Gap 2024 yil dekabr oyida sobiq prezident Yun Sok Yol mamlakatni «Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tahdididan» himoya qilish zarurligini aytib, harbiy holat e’lon qilgan siyosiy inqiroz haqida ketmoqda. Prokuraturaning ta’kidlashicha, Xan Dok Su ushbu qarordan oldin ham, keyin ham amalga oshirilgan harakatlarga yordam bergan.

Sud Xan Dok Suni sobiq prezidentga yordam berganlikda aybdor deb topib, sodir bo‘lgan voqeani isyon deb baholadi. Bundan tashqari, sobiq bosh vazir harbiy holat to‘g‘risidagi farmonni 6 dekabr kuni - u amalda e’lon qilinganidan uch kun o‘tib - soxtalashtirib imzolagani va orqa sana bilan bu qadamni qonuniylashtirishga uringani aniqlandi.

Shuningdek, sud Xan Dok Su sobiq prezident impichmenti bo‘yicha sud jarayonida go‘yoki farmon borligini bilmagani haqida yolg‘on ko‘rsatma bergani isbotlangan deb hisobladi.

Maxsus prokuror 15 yil qamoq jazosini tayinlashni talab qilgan bo‘lsa-da, sud qattiqroq jazo tayinladi. Xan Dok Suning o‘zi barcha ayblovlarni rad etib, harbiy holat joriy etish rejalaridan bexabarligini ta’kidladi. Hukm e’lon qilingandan so‘ng, u sud zalida hibsga olindi.

Xan Dok Su bir necha bor bosh vazir lavozimini egallagan: 2006 yilda vaqtincha, keyin 2007 yildan 2009 yilgacha, shuningdek, 2022 yilda parlamentga saylanganidan keyin. Harbiy holat parlament tomonidan bekor qilinib, Yun Sok Yolga impichment e’lon qilinganidan so‘ng aynan Xan Dok Su prezident vazifasini bajaruvchi bo‘lgan edi.

Keyinchalik Yun Sok Yol bir qator jinoiy ishlar bo‘yicha sudlandi va yaqinda prokuratura unga o‘lim jazosini talab qildi.

2024 yil dekabr oyi oxirida Xan Dok Suga ham impichment e’lon qilindi - u Yun Sok Yol ishini tergov qilish uchun Konstitutsiyaviy sudning qo‘shimcha sudyalarini tayinlashdan bosh tortgani uchun. Biroq, 2025 yil mart oyida sud impichmentni bekor qildi va uni prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga tikladi. May oyida u iste’foga chiqdi, iyun oyida esa Li Chje Myon yangi davlat rahbari bo‘ldi. Avgust oyida Xan Dok Su isyonga yordam berganlikda ayblandi, biroq hukm chiqarilgunga qadar ozodlikda qolgan edi.

Mavzuga oid