22:14 / 05.10.2020
15376

Yuzlab abituriyentlar imtiyozlarni hisobga olishdagi xatolik sabab DTM va vazirlik orasida sarson bo‘lmoqda

5 oktabr, dushanba kuni harbiy imtiyozli yuzlab abituriyentlar va ularning ota-onalari Toshkentda, Davlat test markazi binosi oldida to‘planishdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Yig‘ilganlar bakalavriatga qabul testlari yakunida DTM tomonidan Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanoma olgan yoshlarning 5 foizlik kvota chegarasida ballari qo‘shib hisoblanmagani va o‘qishga kirolmay qolgani uchun norozilik bildirishdi.

«Bu yerda yig‘ilganlarning barchasi – muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar. Ularda O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 31 maydagi PQ-1765 sonli qaroriga muvofiq harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan berilgan tavsiyanomalar bor.

Bizga OTMlarga kirish uchun 5 foizli kvota ajratilgan. Abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda tavsiyanomalarini so‘ralgani bo‘yicha umumiy bazaga kiritishgan. Ammo DTM bazasi shunday ishlanganki, abituriyentning pasport, diplom yoki tavsiyanoma raqami nol raqami bilan boshlansa, o‘sha boshidagi nol tushib qoladi. Imtiyozi hisoblanmagan barcha abituriyentlarniki, jumladan, hozir bu yerga yig‘ilganlarning ham hujjati raqami nol bilan boshlanadi.

DTM vazirliklarga harbiy tavsiyanomalarni tasdiqlash uchun ro‘yxat yuborganda, o‘sha nolsiz yuborgan. Vazirliklar esa bunday raqamli tavsiyanoma berilmagan, deya ularni qaytarib yuborgan.

Masalan, menda ham shunday bo‘ldi. Namangan davlat universitetidagi o‘zim topshirgan yo‘nalishdagi o‘tish balli 56,8 bo‘ldi. Men tavsiyanoma bilan birga hisoblaganda jami 110 ball to‘plaganman. Ammo yuqorida aytilgan xatolik tufayli menga talabalikka tavsiya qilinmadingiz, degan xat keldi», – deydi Kun.uz muxbiri suhbatda Sardor Nugmanov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, shu kabi tushunmovchilikka duch kelgan barcha abituriyentlar Mudofaa vazirligi va DTMga holatni to‘g‘rilash bo‘yicha ko‘p bor murojaat qilgan. Ammo na vazirlik va na DTM bu holatni o‘z xatosi deb tan olmayapti.

Oqibatda abituriyentlar deyarli 10 kundan buyon ikki idora orasida sarson-sargardon bo‘lmoqda.

«Xo‘sh, nima uchun tavsiyanomamiz bor-u, biz talaba bo‘lolmayapmiz?», – deydi Sardor.

Boshqa bir abituriyent Bekzod Ahmadjonov ham 25 sentyabrdan boshlab shu ikki idora orasida sarson. Bekzodning aytishicha, unga test jarayonlariga kirish uchun ruxsatnoma berilganda tavsiyanomasi inobatga olingan.

«Ammo keyinroq bu muammo chiqib turibdi. DTMga kelsak: «Bu bizning kamchilik emas, sizlarni masalangizni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat qabul komissiyasi hal qiladi», deb qaytarib yuboryapti. Tushunmayman, nima uchun DTM yoki vazirlikning kamchiligi, xatosi deb shuncha yoshlar sarson bo‘lishi kerak?» – deydi u.

Xatolik tufayli talabalikka tavsiya qilinmay qolganlar orasida uzoq hudud yoshlari ham bor. Jumladan, Manas Qalbayev Toshkentga Qoraqalpog‘istondan kelgan.

«Shu muammo sabab uzoq yo‘l bosib keldim. O‘n kun bo‘lyaptiki, hamon Toshkentdaman. Bir idora ikkinchisiga, ikkinchisi yana birinchisiga yuboradi», – deya u ham o‘zi duch kelgan muammo haqida gapirib berdi.

Abituriyentlar bilan suhbatlashar ekanmiz, biroz o‘tib DTM binosi oldiga OAVning boshqa vakillari ham birin-ketin yig‘ila boshladi. Yig‘ilgan jurnalistlar va abituriyentlarga DTM bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov izoh berdi.

Rajabovga ko‘ra, qo‘lida tavsiyanomasi bor abituriyentlarning imtiyozi albatta hisobga olinadi. Bu tavsiyanomani bekor qilishga esa hech kimning haqi yo‘q.

«Ha, barcha abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tish davomida qo‘lidagi tavsiyanomani ro‘yxatga kiritgan. Ammo uni hech kim tekshirmagan. Ya'ni bu hujjatlarning haqiqiy yoki qalbaki ekanligi ko‘rib chiqilmagan.

Biz ro‘yxatdan o‘tgan barcha abituriyentlarning tavsiyanomalarini tasdiqlash uchun vazirlik, idoralarga berganmiz. Bu vazirlik va idoralar kimlarda imtiyoz bor, deb bizga javob bergan bo‘lsa, biz unga imtiyoz qo‘llaganmiz. Lekin imtiyozi tasdiqlanmagan abituriyentlar ham borki, biz ularga o‘z-o‘zimizcha imtiyoz ballarini hisoblay olmaymiz», – dedi boshqarma boshlig‘i.

U o‘z so‘zida shuningdek, imtiyozli abituriyentlar masalasi mas'ul vazirliklarda qayta o‘rganib chiqilayotgani, jarayon yakunlangach abituriyentlarga ma'lumot berilishini aytib o‘tdi.

«Sizlar faqat kutishingiz kerak. Bu qancha vaqt olishini esa hozir aytolmayman. O‘qishga kirsangiz, o‘zingiz hujjat topshirgan OTM yoki saytimizdagi shaxsiy kabinetingizdan ma'lumot olishingiz mumkin», – dedi u.

Bu javob kimnidir qoniqtirdi, kimnidir esa yo‘q. Har holda ko‘pchilik abituriyentlar o‘qishga kirish masalasi hal bo‘lmaguncha yashash manziliga qaytmoqchi emas.

Biz esa yuzlab talabalarni sarson-sargardon qilayotgan bu xatolik qanday kelib chiqqani, bu xato uchun mas'uliyat kimda ekani va umuman jarayon yakunlari bo‘yicha tayinli javobni tez orada kutib qolamiz.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top