17:35 / 08.10.2020
49126

Mutaxassis koronavirusga chalinganda antibiotik qabul qilish masalasida izoh berdi

Grippda ham, koronavirusda ham kasallik chaqiruvchisi virusdir. Bu ikki kasallikda xastalikning boshlanishidan antibiotiklarni qabul qilish ikki kasallikning ham asoratlanishini keltirib chiqaradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Ubaydullayeva bilan uyushtirilgan intervyuni taqdim etdi. Unda koronavirusning grippdan farqi, antibiotiklarni qabul qilishning me'yor va tartiblari hamda mavzuga oid boshqa savollarga javoblar berilgan.

– Koronavirus bilan grippni qanday farqlash mumkin?

– Koronavirus va grippning bir-biridan ajratuvchi bir necha belgisi mavjud. Jumladan, kasallangan bemor bilan muloqotda bo‘lsangiz, grippning yashirin davri 5-7 kun, koronavirusning yashirin davri esa 2-14 kun.

Ikki kasallik ham tumov, ko‘z yoshlanishi, burun oqishi, aksa urish, tana harorati ko‘tarilishi bilan kechadi.

Lekin gripp kasalligida:

  • umumiy belgilar 1-3 kungacha bo‘ladi. Yengil darajasida tana haroratining 38 darajadan yuqori bo‘lishi bir marta kuzatiladi, uchinchi kundan boshlab bemorning ahvoli yaxshilanishni boshlaydi;
  • grippning og‘ir kechishida, agarda kasallik bronxlar va o‘pkalarni jarohatlagan bo‘lsa, unda gripp oqibatida kuzatiladigan tana harorati 5 kundan ortiq vaqt davomida 38 darajadan yuqoriligicha qolishi mumkin, undan ko‘p muddat kuzatilmaydi. Grippda yo‘tal dastlabki 3-4 kunda quruq, so‘ng esa balg‘amli bo‘ladi va davolashda asosiy maqsad balg‘amni parchalash yoki ko‘chirishga ko‘maklashishdir;
  • gripp kasalligidagi pnevmoniyada o‘pkaning yallig‘lanishi kasallikning reabilitatsiya jarayonida qayta tiklanishi mumkin. Gripp faqat yuqori va pastki nafas yo‘llarini zararlaydi. Bu kasallikda asab tizimi jarohatlanishi kuzatilmaydi.

Koronavirus kasalligida esa:

  • umumiy belgilar 1-3 kun davomida kuzatiladi, kasallikning yengil shaklida tana harorati bir marta 38 darajagacha ko‘tariladi. So‘ngra barqaror 37 darajada bo‘ladi. Davolash to‘g‘ri olib borilsa, bemorning ahvoli kasallikning 5-7 kunlarida yaxshilanadi;
  • kasallikning og‘ir shaklida esa, 8-kundan boshlab tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi. Umumiy holsizlik kuchayadi, quruq yo‘tal zo‘rayadi, nafas yetishmovchiligi, ya'ni hansirash ham kuchayadi;
  • koronavirusda yo‘tal balg‘amsiz bo‘ladi va u kasallikning kechishiga bog‘liq holda 2-3 haftadan 1,5 oygacha kuzatilishi mumkin;
  • koronavirusdagi yo‘talni davolashda ko‘proq nafas mashqlarini o‘tkazib, alveolalar faoliyatini to‘liq ta'minlash bilan organizmning to‘qima va hujayralariga kislorod ta'minotini tiklashga qaratilgan bo‘ladi;
  • koronavirus kasalligining og‘ir va o‘ta og‘ir shaklida o‘pkalar interstitsiyasi, alveolalarining fibroz to‘qima bilan qoplanishi oylar davomida tiklanishi yoki ma'lum qismi umuman tiklanmasligi ham mumkin;
  • koronavirus kasalligida inson organizmining bir necha a'zolari (nafas a'zolari, oshqozon ichak tizimi a'zolari, yurak qon-tomir tizimi a'zolari, buyrak tizimi, endokrin bezlar tizimi, markaziy va periferik asab tizimi kasalliklari jarohatlanadi. Ayniqsa, asab tizimi va ruhiyat zararlanishi kuzatiladi.

– Koronavirus yoki grippga chalinganda tezroq tuzalish maqsadida antibiotiklarni o‘z bilganicha qabul qilish to‘g‘rimi?

– Noto‘g‘ri. Grippda ham, koronavirusda ham kasallik chaqiruvchisi virusdir. Bu ikki kasallikda xastalikning boshlanishidan antibiotiklarni qabul qilish ikki kasallikning ham asoratlanishini keltirib chiqaradi.

Antibiotiklar hech qachon viruslarga ta'sir qilmagan, ularning ta'sirida organizm uchun kerakli bo‘lgan mikroorganizmlar halok bo‘ladi. Qonda kerakli mikroelementlar parchalanishi va organizmdan chiqib ketishi kuchayadi. Bu esa, o‘z navbatida, inson organizmida immuntanqis holatni keltirib chiqaradi va organizmga qo‘shimcha boshqa infeksiyalar qo‘shilgan holda boshqa yuqumli kasalliklar rivojlanishini keltirib chiqaradi.

– Antibiotiklarni qabul qilishning me'yor va tartiblari bormi?

– Albatta, antibiotiklar tartib bilan o‘z o‘rnida qo‘llanishi kerak. Antibiotiklarni tavsiya qilish uchun, inson organizmining suyuqliklaridan bakteriologik ekmaga topshiriladi. Uning natijasida o‘sib chiqadigan infeksiyaga qarshi ta'sir etuvchi antibiotik turi belgilanganiga qarab antibiotiklarning aniq birini tavsiya qilish maqsadga muvofiqdir.

To‘g‘ri, bakteriologik ekmalar javobining chiqishi 4-5 kunni tashkil qiladi. Ushbu davrga qadar, Sog‘liqni saqlash vazirligining har bir kasallikda emperik holatda birinchi 3-5 kunga tavsiya etiladigan antibiotiklar ro‘yxati mavjud. Ularni birlamchi tavsiya etgan holda, keyin esa, aynan bakteriologik ekma javobiga asosan maqsadli antibiotiklar tavsiya qilinishi - infeksiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri davo chorasi hisoblanadi.

Shu o‘rinda gripp yoki koronavirus kasalliklarida qachondan boshlab antibiotiklarni qabul qilish kerak, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Agarda kasallikning o‘tkir davri 5-7 kun o‘tganidan so‘ng, yana qayta isitma ko‘tarilsa, unda qonda leykotsitoz, s-reaktiv oqsilning yuqoriligi kuzatilsa va bakteriologik ekmada bakteriyalar o‘sib chiqsa, shu vaqtda antibiotiklarni tavsiya etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top