Jahon soğliqni saqlaş taşkiloti (JSST) ma’lum qilişiça, oddiy infeksiyalarni davolaş tobora qiyinlaşmoqda, negaki köplab bakteriyalar antibiotiklarning ta’siriga çidamli bölib qolgan, ya’ni ularni öldiriş yoki töxtatiş qiyinlaşgan.

Yangi ma’lumotlarga köra, global miqyosda har olti infeksiyadan biri antibiotiklar ta’sir qilmayotgan bakteriyalar sababli yuzaga kelmoqda. Bu holat millionlab odamlar hayoti uçun xavfli: oddiy kasalliklarni davolaşni qiyinlaştirib, soğliqni saqlaş tizimlariga katta yuk bölyapti.

Hisobotda qayd etilişiça, 2018 yildan 2023 yilgaça bakteriyalarning antibiotiklarga çidamliligi 40 foizdan köproqqa oşgan, ya’ni har yili 5–15 foizgaça ösiş kuzatilgan.

“Antimikrob qarşilik tibbiyotdagi yutuqlardan tezroq rivojlanmoqda va bu butun dunyoda oilalarining soğliğiga jiddiy xavf solmoqda. Antibiotiklardan töğri foydalanişimiz, sifatli dori vositalari, aniq diagnostika va vaksinalarga barça uçun teng imkon yaratişimiz kerak”, – deydi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyyesus.

Tadqiqot 100 dan ortiq mamlakatdan töplangan 23 milliondan ziyod ma’lumotga asoslanadi. Unda aniqlanişiça, Janubi-Şarqiy Osiyo va Şarqiy Örta Yer dengizi mintaqalarida har uçta infeksiyadan biri, Afrikada esa har beşta infeksiyadan biri antibiotiklarga javob bermay qöygan.

Bakteriyalar dori ta’siriga çidamli bölib qolganda ilgari oson davolangan kasalliklar ham uzoq davom etadi, murakkablaşadi yoki ularni butunlay davolab bölmaydi. Oqibatda bemorlarning soğayiş muddati uzayadi, asoratlar köpayadi va ölim xavfi ortadi. Oddiy, arzon dorilar foyda bermagani uçun şifokorlar qimmat va kuçli antibiotiklarga murojaat qilişga majbur böladi. Bu esa past daromadli mamlakatlarga katta muammo tuğdiradi, çunki bunday dori vositalarini xarid qilişga hammaning ham qurbi yetmaydi.

2019 yilda antibiotiklarga çidamli bakteriyalar 1,27 million kişining bevosita ölimiga sabab bölgan. Yana 5 millionga yaqin odamning ölimi esa bu muammo bilan bilvosita boğliq. Mutaxassislar ogohlantirişiça, agar hozir zarur çoralar körilmasa, 2030 yilga borib antibiotiklarga bardoşli infeksiyalar dunyo iqtisodiyotiga har yili 3 trillion dollargaça zarar yetkazişi mumkin.

Antimikrob qarşilik (AMR)