23:08 / 10.10.2020
6792
“Recruit Consulting Work xususiy bandlik agentligi” 1100 dan ortiq fuqaroni 6,2 mlrd so‘mga chuv tushirgan

Jabrlanuvchilar soni 1100dan, jami yetkazilgan zarar esa 6,2 mlrd so‘mdan oshadi. Tergov davrida aniqlangan va xatlangan summa 826 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Foto: Recruit consulting work

“Recruit Consulting Work xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslari 2019 yilning yanvar oyidan noyabr oyiga qadar fuqarolarga Koreya, Yaponiya, Latviya, Litva, Chexiya, Niderlandiya, Germaniya, Shvetsiya, Slovakiya davlatlarda ish topib berish va ishga joylashtirishni va'da qilgan holda ularni aldab, juda ko‘p miqdordagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan egallagan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 23 noyabr kuni J.A. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.

Tergov harakatlari IIV huzuridagi Tergov departament ish yurituviga qabul qilinib, viloyatlarda istiqomat qiluvchi 1100dan ortiq jabrlanuvchilarni so‘roq qilish va ular bilan bog‘liq tergov harakatlarini o‘tkazish maqsadida tegishli Tergov boshqarmalariga alohida topshiriqlar yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha to‘rt nafar shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “b” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a,v” bandlari va 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi  bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, mazkur xususiy bandlik agentligi tomonidan 1087 nafar fuqarolarga jami 6,2 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Yetkazilgan zararning 272 mln so‘mi naqd pul ko‘rinishida qoplangan, 48,7 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklari hamda 505,6 mln so‘mlik pul mablag‘lari xatlangan.

Jamiyat xodimlari fuqarolardan aldov yo‘li bilan shartnomadan tashqari  naqd pul ko‘rinishida 650 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini olishgan. Bundan tashqari, jamiyat mansabdor shaxslari fuqarolarni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida chet tillari bo‘yicha imtihonlardan o‘tkazish va Yaponiyaga yuborishni va'da qilib, aldov yo‘li bilan 212000 dollar miqdorida naqd pul olishgan. Bu pullarning 120500 dollari fuqarolarga qaytarilgan.

Dastlabki tergov harakatlari shu yil iyul oyida tamomlanib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yuborilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Jinoyat ishining sudda ko‘rib chiqilishi natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Top