18:17 / 11.10.2020
4851
Qayerlarga chiqindi qutilari majburiy ravishda o‘rnatilishi kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil oktyabrdagi qaroriga asosan, chiqindi qutilari majburiy ravishda o‘rnatilishi kerak bo‘lgan joylar ro‘yxati belgilangan.

Adliya vazirligi bundan 2 yil oldin qabul qilingan qaror talablarini eslatdi. Unga ko‘ra, chiqindi qutilari quyidagi joylarga majburiy tartibda o‘rnatilishi kerak:

  • ko‘p kvartirali uylarning pod'yezdiga kirish yo‘lida — 1 ta;
  • tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, tashkilotlar, shuningdek, savdo obektlarining binosiga kirish (chiqish) yo‘lida — 1-2 ta;
  • metro, yer osti va yer usti o‘tish joylarining har bir kirish (chiqish) yo‘lida — 2 ta;
  • aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini va hordiq chiqarishini qondirish uchun mo‘ljallangan obektlarda (madaniyat va istirohat bog‘lari, o‘rmon massivlari, bog‘lar, bulvarlar, skverlar, xiyobonlar va boshqalar) — obektning har 800 m2 maydonida 1 ta va yo‘laklar va yo‘lkalar chizig‘i bo‘ylab o‘rnatilganda bir-biridan 40 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
  • bozorlar va savdo obektlarida (supermarket, gipermarket va boshqalarda) — obektning har 250 m2 maydonida 1 ta va savdo do‘konlari qatori bo‘ylab o‘rnatilganda — bir-biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
  • jamoat yo‘lovchi transport bekatlarida — 1-2 ta;
  • avtoturargohlar va avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash maydonchalariga kirish (chiqish) yo‘lida — 1-2 ta;
  • davolash muassasalarining hovli hududida — obektning har 700 m2 maydonida 1 ta, asosiy alleyalarda esa — bir biridan 10 metrdan uzoq bo‘lmagan masofada;
  • chekish uchun maxsus ajratilgan joylarda — 1-2 ta;
  • plyajlar va suv akvatoriyalari (daryolar, ko‘llar, ko‘rfazlar yoki hovuzlar)ga tutash rekreatsiya zonalarida — suv bo‘linishidan 15 m hamda yashil ekinlardan 3–5 m uzoqlikda joylashtirgan holda, obektning har 800 m2 maydonida 1 ta;
  • ko‘p kvartirali uylar atrofidagi hududlarda va markaziy maydonlarda, yo‘lkalarda hamda magistral ko‘chalarning piyodalar zonasi bo‘ylab, shuningdek, ko‘priklarda – hududdan foydalanish intensivligidan kelib chiqib, piyodalar serqatnov hududda – har 50 metrdan oshmagan masofada va odam kam joylarda har 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan.
Top