19:30 / 12.10.2020
2990
«Recruit Consulting Work» XBA ishi: Tergov tugaganiga ikki oydan oshdi, ish hamon sudga oshirilmagan

Tergovi shu yil 23 iyul kuni tamomlanib, sudga oshirish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan jinoyat ishi oradan 2,5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da hamon sudga yetib kelmagan. Sud boshlanishini mingdan ortiq jabrlanuvchi kutmoqda.

Foto: Recruit consulting work

1100ga yaqin fuqaroni 6,2 mlrd so‘mga chuv tushirgan «Recruit Consulting Work xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari natijalari haqida Kun.uz 10 oktabr kuni xabar bergan edi.

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur jinoyat ishiga doir qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etildi. Unga ko‘ra 2019 yil 23 noyabrda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining dastlabki tergovi muddati 2020 yil 6 martda 5 oy, ya'ni 23 may kuniga qadar uzaytirilgan.

Respublika hududida koronavirus pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan jinoyat ishi tergovi 2020 yil 1 aprel kuni harakatdan to‘xtatilib, 2020 yil 6 may kuni qayta tiklangan.

Tergov harakatlari joriy yil 23 iyulda tamomlanib, JPKning 381-moddasi tartibida ayblov xulosasini tasdiqlab, tegishliligi bo‘yicha sudlovga oshirish masalasini ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Jinoyat ishining ayblov xulosasi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 17 sentabr kuni tasdiqlangan.

Toshkent shahar IIBB TB tomonidan jabrlanuvchilarning anketa ma'lumotlari elektron huquqiy bazaga kiritilmoqda, deyiladi poytaxt prokuraturasining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotida.

Jinoyat ishi hozircha tegishli sudlovga o‘tkazilmagan. Buni O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ham tasdiqladi.

Ma'lumot uchun aytish lozimki, Jinoyat protsessual kodeksining 385-moddasiga ko‘ra, prokuror yoki uning o‘rinbosari ayblov xulosasi bilan kelgan jinoyat ishini ko‘pi bilan 5 sutkada ko‘rib chiqishi va quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi shart:

1) ishni sudga yuborish uchun asoslar mavjud deb topib, ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;

2) o‘z qarori bilan ayblov mazmunidan ayrim bandlarni chiqarib tashlash, yengilroq jinoyatni nazarda tutuvchi qonunni qo‘llash va shu o‘zgartirishlar bilan ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasini tasdiqlash;

3) qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun ishni o‘z ko‘rsatmalari bilan surishtiruvchi yoki tergovchiga qaytarish;

4) surishtiruv o‘tkazilgan jinoyat ishini tergovga tegishlilik qoidalari buzilgani aniqlangan yoki ushbu kodeksning 3815-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan hollarda dastlabki tergov organiga o‘tkazish;

5) ishni yuritishni to‘xtatish;

6) ishni tugatish;

7) amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritish.

Basharti ayblovni to‘ldirish yoki uni og‘irlashtirish tomoniga yoxud haqiqiy holatlarga ko‘ra avvalgi ayblovdan jiddiy farq qiladigan tomonga o‘zgartirish talab qilinsa, prokuror yoki uning o‘rinbosari qo‘shimcha yoki o‘zgartirilgan ayb e'lon qilish uchun ishni qo‘shimcha tergovga qaytaradi.

Shahar prokuraturasining axborotida jinoyat ishi nima sababdan haligacha tegishli sudlovga o‘tkazilmagani yoki Kodeksning yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan 5 kunlik muddatga rioya etilmaganiga izoh berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishi bo‘yicha 4 nafar shaxs hibsda saqlanmoqda. Ular JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a, v» bandlari, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi «b» bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a, v» bandlari va 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 228-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Dastlabki tergovda aniqlanishicha, mazkur XBA 1087 nafar fuqaroga jami 6,2 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Zararning 272 mln so‘mi naqd pul ko‘rinishida qoplangan, 48,7 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklari hamda 505,6 mln so‘mlik pul mablag‘lari xatlangan.

Top