12:25 / 13.10.2020
2796
«E-IJRO AUKSION»: tashqi reklama obektlari va strategik qazilmalarni qazish huquqi savdoga qo‘yildi

Bugungi kunda «E-IJRO AUKSION» yagona elektron savdo maydonchasi orqali 14 turdagi mulklar savdosi o‘tkazib kelinmoqda. 2020 yilning 10 oktabr holatiga ko‘ra yil boshidan buyon 17.252 ta mulk 1 trln 270 mlrd so‘mga realizatsiya qilindi. Ushbu auksionlarda 72 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

Endilikda ushbu mulklar qatoriga tashqi reklama obektlari va strategik qazilmalarni qazish huquqi ham qo‘shildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qaroriga asosan Samarqand viloyatidan 18 ta tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun obektlar, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi «Yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 403-sonli qaroriga muvofiq 34 ta strategik turdagi foydali qazilma uchastkalari «E-IJRO AUKSION» elektron onlayn auksion savdolariga chiqarildi.

Istalgan shaxs «E-IJRO AUKSION» platformasi orqali masofadan turib O‘zbekiston turli hududlaridagi tashqi reklama obektlari va strategik turdagi foydali qazilmalar mavjud konlarni sotib olishi mumkin.

Savdo maydonchasiga joylashtirilgan strategik qazilmalarni qazish huquqlari oltin, uran, mis, kumush, volfram, qalay, marganets va boshqa turdagi foydali qazilmalarni qazish uchun ruxsatnoma taqdim etadi. Tashqi reklama obektlarini yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda qurish huquqi – reklama joylash uchun konstruksiyalar o‘rnatishga ruxsat beradi.

e-auksion.uz saytiga joylashtirilgan mulklarni shaffof va ochiqlik tamoyillariga asoslangan onlayn auksionda sotib oling!

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi «Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK PR xizmati

Top