19:41 / 14.10.2020
32045

Amerika taassurotlari, ta’limdagi yutuqlar va u yerdagi o‘zbeklar hayoti - Arkanzas universitetida malaka oshirgan o‘qituvchi hikoyasi

Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» ruknida bu gal AQShda malaka oshirib qaytgan Sabohat Toshpo‘latovaning taassurotlari bilan tanishamiz. U Amerikadagi ta’lim, talabalar uchun imkoniyatlar, mentalitet va AQShdagi o‘zbeklar turmushi haqida hikoya qiladi.

Sabohat Toshpo‘latova Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Jizzax davlat pedagogika instituti bakalavriati, O‘zbekiston Milliy universiteti magistraturasida o‘qigan. Hozirda Jizzax politexnika institutida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

U 2020 yil yanvar-may oylarida AQShning Arkanzas shtatida malaka oshirib qaytdi.

Grant haqida

– Amerikada FEP (Faculty Enrichment Program) nomli grant orqali malaka oshirib qaytdim. Bu dastur O‘zbekiston OTMlari o‘qituvchilarini AQShning yetakchi universitetlariga 4 oy muddatga malaka oshirish uchun yuboradi.

FEP granti Amerika Xalqaro ta’lim kengashi (American Councils for International Education) tomonidan tashkil etilgan.

Men Arkanzas universitetining Biologiya fakultetida malaka oshirib qaytdim. Universitetni o‘zim mustaqil tarzda tanlamaganman. Bu mening mutaxassisligim va amalga oshirishim kerak bo‘lgan akademik loyihamga mos tarzda Amerika kengashi tomonidan tanlandi.

Amerika taassurotlari

– AQSh tasavvurimdagidan ko‘ra boshqacharoq ekan. Tashrifning dastlabki ikki kunida poytaxt Vashingtonda bo‘ldik. U yerda unchalik ham baland bo‘lmagan, ammo ko‘p yillik tarix va o‘ziga xos qurilish arxitekturasiga ega binolarni ko‘rdim. Shahar ko‘chalari toza, ammo bir nechta zamonaviy binolar ostida uysiz kishilar juda ko‘p edi.

Arkanzas esa poytaxtdan mutlaqo farq qiladi. Bu yerda bir yoki ikki qavatli uylar, magnoliya, evkalipt daraxtlari juda ko‘p edi. Xushmanzara tabiat, ajoyib havo odamni hayratga soladi. Arkanzas – tabiat va shaharchalar uyg‘unligidan iborat go‘zal joy.

Ammo bir narsa e’tiborimni tortdi. Ko‘chalarda ko‘plab maishiy chiqindilarni ko‘rasiz. Odamlarda ekologik madaniyat yetishmasligining guvohi bo‘ldim. Chiqindi uchun maxsus, alohida idishlar bo‘lsa ham, aholi orasida chiqindini saralab tashlash madaniyati yo‘qligi sezildi. Shunday chiroyli joylarning maishiy chiqindilar bilan ko‘rimsiz holga keltirilishi odamning ta’bini xira qiladi.

Shtat havosi juda toza: mashinalar qatnovi kam, aholi velosiped, g‘ildirakli, motorsiz yuruvchi vositalardan ko‘p foydalanadi. Amerikaliklarda mashina sotib olishga bo‘lgan qiziqish bizdagichalik yuqori emas.

Aholi ortiqcha vazndan aziyat chekadi. Biroq odamlar juda do‘stona. Transportda, ko‘chada, jamoat joylari, do‘konlarda sizni tanishmasa-da, shunchaki samimiy jilmayib qo‘yishni kanda qilishmaydi.

Mashinalar kam, shu tufayli avtobuslar qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda ko‘pchilik odamlarning fikri shunday: rivojlangan davlatning eng asosiy belgisi – jamoat transportidan barcha foydalana olishida ko‘rinadi. Shaharda mashinaning ko‘pligi rivojlanish belgisi sifatida qaralmaydi. Ular bunday davlat sifatida Yaponiyani tilga olishadi.

AQShda yo‘lovchi poyezdlari deyarli yo‘q. Ular shtatlar orasida faqat yuk tashiydi. Hukumat temir yo‘lga qaraganda avtomobillar uchun infratuzilmani rivojlantirishni ma’qul ko‘radi. Avtomobil yo‘llari sifati va holati a’lo darajada.

Arkanzas universiteti haqida

Arkanzas universitetining eng tarixiy binosi. 1873-1875 yillar oralig‘ida qurilgan.

– Men malaka oshirgan Arkanzas universiteti nafaqat AQSh, balki dunyoning ilg‘or oliygohlari sirasiga kiradi. Universitet juda katta oliygoh bo‘lib, unda 27 ming nafar, shundan 1,5 ming nafarga yaqin xorijlik talaba ta’lim oladi.

Talabalar uchun barcha sharoitlar bor. Ular uchun maxsus yotoqxonalar shu darajada ko‘pki, campus'ni butun boshli shaharcha desa bo‘ladi.

Yotoqxona va universitet orasida talabalar va shahar aholisi uchun bepul avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan.

Universitetda talabalar ta’lim olishlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, hayratga tushdim: 400 nafar talaba uchun mo‘ljallangan gigant auditoriyalar ma’ruzalar uchun eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan, o‘qituvchi mikrofon orqali ma’ruza o‘qiydi.

Laboratoriya xonalarida ham eng so‘nggi jihozlar. Har bir xonada desktop yoki leptop, planshetlar bor. Kutubxonasi juda boy bo‘lib, talaba istalgan kitobni qidiruv tizimi yordamida topishi va istasa 20-30 kitobni o‘zi bilan olib ketishi mumkin.

Kutubxonachilarning muomalasi juda ajoyib, atrofingizda parvona bo‘lib, istagan ma’lumotingiz: u xoh kitob, xoh elektron ko‘rinishdagi maqola bo‘lsin, uni topib, hatto universitet ramzi tushirilgan bepul polietilen paketlarga solib berishadi.

AQShga grant doirasida kelganimiz uchun bizga ishlashga ruxsat berilmadi. Loyihadan maqsad – faqat kuzatish, o‘rganish, taqqoslash, o‘zlashtirish, o‘zimizning ta’lim tizimiga qo‘ldan kelgancha yangilik olib ketishdir.

AQShdagi o‘qituvchilarning maoshi talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi (masalan, ilmiy daraja olishi) bilan belgilanadi. 10 ming dollar va undan yuqori maosh oladigan o‘qituvchilar ham bor.

Imtihon topshirishda inson omili ishtirok etmaydi

– Talaba bizdagi singari bir semestrda 10-12talab fanni yopmaydi. 2 yoki 3ta, maksimal ravishda 4ta mutaxassislik va boshqa fanlarni o‘z ixtiyorlari bilan tanlab, imtihon topshirishadi. Agar ilk imtihonlardan o‘ta olmasa, pul to‘lab, imtihonni qaytadan topshiradi. Shuning uchun ham talabalarning imtihondan o‘tishga harakati yuqori.

Imtihon topshirishda inson omili ishtirok etmaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan korrupsiya va tanish-bilishchilikka imkon bermaydi. Ta’lim Blackboard tizimida olib boriladi. Mazkur platforma ancha mukammal va zamonaviy bo‘lib, barcha ma’lumotlarni saqlaydi. Uni o‘qituvchi va talabaning o‘zaro muloqot oynasi desak ham bo‘ladi. Tizimda o‘tilishi kerak bo‘lgan mavzu, slayd, videodars, qo‘shimcha ma’lumot, bahs olib borish darchasi, elektron kitoblar mavjud.

Blackboard orqali onlayn o‘qish imkoniyati ham bor. Unga topshiriqlar ham joylashtirilgan. Imtihonlar ham shu tizim orqali olinadi.

O‘qituvchi imkon darajasida o‘z talabalariga optimal ta’lim berishga harakat qiladi, chunki talabalar imtihondan o‘ta olishmasa, bu o‘qituvchining ko‘rsatkichiga ta’sir qiladi. Ya’ni o‘qituvchining kelajakda oliy ta’limda dars bera olish, olmasligi talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va ulardan olingan so‘rovnomalar natijasiga asoslanadi. Shuning uchun ham o‘qituvchi o‘z talabalarini maksimal darajada qo‘llab-quvvatlaydi.

Arkanzas universitetida qog‘ozbozlik yo‘q. Bizning OTMlardagi o‘qituvchilar esa anchagina vaqtini hujjat tayyorlash uchun sarflaydi, hatto ayrim hollarda talabaga dars berish ikkinchi darajaga tushib qoladi. O‘zim ham asosiy ish vaqtimda dars berishdan tashqari o‘quv hujjatlarini tayyorlash va tasdiqlatish bilan ovora bo‘lib, o‘z ustimda ishlash va yangiliklarni o‘rganishga vaqt topa olmas edim.

Ishonchim komilki, biz tayyorlaydigan hujjatlarning ko‘pchiligi talabalarning bilim olishini yaxshilashga ko‘mak bermaydi, aksincha ta’sir etadi.

Arkanzas universitetida o‘zbekistonlik talabalarni uchratmadim. Biroq bizning talabalar uchun ushbu universitetga o‘qishga kirish qiyinchilik tug‘diradi, deb o‘ylamayman. Chunki IELTS'dan 6,5 ball to‘plab, ko‘plab grantlarni yutib olishlari, bu yerga kirib, bakalavriat, magistratura, va doktoranturada ta’lim olishlari mumkin. Stipendiya ham oyiga 1000 dollar bo‘lib, asosiy xarajatlar uchun yetadi. Oziq-ovqat ham qimmat emas.

Bu yerlik talabalarni darslarda bizning talabalar kabi faol deb bo‘lmaydi. Har holda, men kuzatuvlarim natijasida shunday xulosaga keldim. Fikr bildirish va o‘qituvchi o‘rtaga tashlagan savollarga javob berish borasida amerikalik yoshlar ancha passiv. O‘zbekistonlik talabalar uyga berilgan topshiriqlarni to‘liq bajarishmasa-da, darslarda juda faol ekanliklari sezdim. Taqqoslaganda tushundimki, bizning talabalarda shijoat ancha kuchli ekan.

AQShdagi hayot

– Shtatlardagi barcha oziq-ovqat do‘konlarida tabiiy (organik) va tabiiy bo‘lmagan mahsulotlar sotiladi. Organik mahsulotlar birmuncha qimmat turadi. Ko‘pchilik mahsulotlar tarkibida soda va shakar miqdori ko‘pligi tufayli aholi semizlikdan aziyat chekadi.

Nyu-Yorkda dunyoning juda ko‘p davlatlaridan kelgan aholi ulushi ancha yuqori. Buni ko‘rib, amerikaliklar asosan boshqa shtatlarda yashashsa kerak, deb o‘yladim. U yerda ko‘plab hamyurtlarimizni uchratdim. Asosan Bruklinda. Ko‘pchiligi grin karta orqali kelishgan. Ularnikida mehmon bo‘lib, hayot tarzlari bilan qiziqdim.

Masalan, taksi haydovchisi bo‘lib ishlaydigan o‘zbeklar erta sahar soat 4-5dan yarim tungacha ishlab, charchagan holda uyga qaytishlariga guvoh bo‘ldim. Gul sotuvchi vatandoshimiz esa tong soat 6da do‘konida bo‘lib, tungi 10da uyiga qaytadi.

Uy uchun to‘lovlar juda qimmat. Masalan, vatandoshlarimiz oyiga o‘rtacha 2000–3000 dollar topishadi. Uy uchun to‘lovlar esa o‘rtacha 1500-2000 dollarni tashkil qiladi. Mashinalar ham juda qimmat, asosan kreditga olishadi. Yashash joyi, kommunal xizmatlar uchun oylik to‘lovlar vatandoshlarimizni tinmay ishlashga majbur qiladi. Men mehmonda bo‘lgan yurtdoshlarimizning xonadonlari ham kichik bo‘lib, unchalik ham qulay emas.

Amerikadagi vatandoshlarimizning fikriga ko‘ra, u yerda farzandlarning ta’lim olishlari uchun sharoitlar yaxshiroq bo‘lsa-da, AQShda yashash bolalar tarbiyasiga unchalik to‘g‘ri kelmas ekan. Farzandlar balog‘atga yetgach, o‘z oilasidan alohidalanadi. Bu esa bizning mentalitetga to‘g‘ri kelmaydi. Ularning aytishicha, bolalar o‘z yurtida, ya’ni bobo-buvi, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar mehri bilan ulg‘aygani yaxshi.

AQShda tibbiyot xizmati juda qimmat. Ko‘pchilik vatandoshlarimiz O‘zbekistonga borib, davolanib qaytishlarini aytishdi. Masalan, AQShda tishni davolatish uchun sarflanadigan pulga Hindistonda yurak klapanini almashtirish mumkin ekan. Tibbiy xizmatlarda sug‘urtadan keng foydalaniladi.

E’tiborimni tortgan jihat – AQShda ota-onalar farzandlarini chiniqtirishlari bo‘ldi. Oziq-ovqat do‘konlaridan bir necha kilogramm muz sotib olishadi. Qish mavsumida ham sovuq suvga muz solib, ichishadi. Bolalikdan yupqa kiyintirish va sovuqda sayr qilishga o‘rgatishadi. Balki shuning uchundir, gripp va nafas yo‘llari bilan bog‘liq shamollash nisbatan holatlari kam.

Stajirovka o‘taganim mavzusiga qaytib xulosa qilsam, safarim davomida AQSh ta’lim tizimining ilg‘orligi va mukammallikka intilishi – ushbu davlatning rivojlanishiga asos bo‘lganini tushundim va ta’lim sifatiga juda havas qildim. Biz ham ta’limda tezroq shu darajaga yetamiz, deb umid qilaman.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.

Top