22:26 / 16.10.2020
142473
O‘zbekistonliklar farzandlariga eng ko‘p qanday ism qo‘yishmoqda?

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, o‘zbekistonliklar 2020 yilning ortda qolgan davri mobaynida farzandlariga eng ko‘p Soliha deb ism qo‘yishgan.

Foto: TASS

Joriy yilning ortda qolgan 9 oyi davomida O‘zbekistonda tug‘ilgan chaqaloqlarga eng ko‘p (1 601) Soliha ismi berilgan. O‘g‘il bolalar ichida eng ommabop ism Muhammadali bo‘lib turibdi. 2020 yilning ortda qolgan 9 oyida tug‘ilgan 1 582 o‘g‘il bolaga Muhammadali deb ism qo‘yilgan.

2019 yilda ham Muhammadali va Soliha ismi o‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p tanlangan. 2019 yil davomida tug‘ilgan 11 521 chaqaloqqa Muhammadali deb ism qo‘yilgan bo‘lsa, 12 703 chaqaloq Soliha ismini olgan. O‘tgan yilda quyidagi ismlar eng ko‘p qo‘yilgan.

O‘g‘il bolalar:

Muhammadali (11 521);

Mustafo (10 756);

Abdulloh (8 339);

Imronbek (8 244);

Muhammad (5 659).

Qiz bolalar:

Soliha (12 703);

Muslima (8 365);

Imona (7 418);

Mubina (6 148);

Shukrona (5 964).

2018 yilda ham Soliha ismi yangi tug‘ilgan qiz bolalar ichida eng ommabopi bo‘lgan. 2018 yilda tug‘ilgan 7 030 nafar qiz bolalarga Soliha ismi qo‘yilgan. 7 785 o‘g‘il bolaga esa Mustafo ismi tanlangan. 2017 yilda chaqaloqlar orasida eng ommabop ismlar Azizbek va Madina bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, dunyoda eng ko‘p tarqalgan ism Muhammad hisoblanadi. Turli manbalarning ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda 150 milliondan ortiq Muhammad ismli odam bor. Nafaqat musulmon davlatlarda, balki Yevropada ham bu ism juda mashhur. Masalan, 2015 yilda Angliya va Uelsda Muhammad ismi eng mashhur bo‘lgan. O‘sha yilda Angliya va Uelsda tug‘ilgan 7 361 chaqaloq Muhammad ismini olgan. VVS'ga ko‘ra, 2017 yilda ham Angliya va Uelsda Muhammad eng mashhur ism bo‘lgan. Bu ikki mamlakatda 2017 yilda tug‘ilgan 7 307 nafar chaqaloqqa Muhammad deb ism qo‘yishgan. Qizlar orasida esa eng mashhur ism Sofiya hisoblanadi.

Top