17:52 / 26.10.2020
5196
Andijon shahri hokimining auksionsiz yer ajratib berish to‘g‘risidagi qarori noqonuniy deb topilib bekor qilindi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovning noqonuniy qarori bekor qilindi.

Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, Andijon shahar adliya bo‘limi tomonidan shu yilning 5 oktyabrida ijtimoiy tarmoqlarda («Soyadagi siyosatchilar» va «Muxbir Daliyev» Telegram kanali) «Andijon shahar hokimligi chiqarayotgan qarorlar qanchalik qonuniy?» nomli maqolasi o‘rganib chiqilgan.

Xususan, maqolada Andijon shahri hokimining 2020 yil 11 sentyabrdagi 403-q-son qarori bilan Andijon shahri 2-tor X.Niyoziy ko‘chasi 5-uyda yashovchi fuqaro Mansurbek Ro‘ziyevga 6-tor X.Niyoziy ko‘chasi 14-maydon 200 kvadrat metrdan iborat yer maydoni yakka tartibda uy-joy qurish uchun amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda ajratib berilgani ko‘rsatilgani bayon etilgan.

O‘rganish davomida Andijon shahri hokimi 2020 yil 11 sentyabrda 403-q-son qarori bilan Andijon shahri 2-tor X.Niyoziy ko‘chasi 5-uyda yashovchi fuqaro Mansurbek Ro‘ziyevga shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 6-tor X.Niyoziy ko‘chasi 14-maydon 200 kvadrat metrdan iborat yer maydoni yakka tartibda uy-joy qurish uchun auksionsiz ajratib berilgani aniqlangan. Bu Yer kodeksining 7-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan «Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga zid hisoblanadi.

Ushbu holat bo‘yicha shahar hokimining 2020 yil 11 sentyabrdagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan 403-q-son qaroriga nisbatan protest keltirish uchun Andijon shahar prokuraturasiga 8 oktabr kuni 1-60/11-7/418-sonli taklif kiritilgan.

Andijon shahar prokuraturasi tomonidan adliya bo‘limi taklifi ko‘rib chiqilib, hokimlikka 13 oktyabrda 10.2/273-q-20-sonli protesti kiritilgan. Bundan tashqari, Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan shahar hokimi nomiga yuqoridagi qarorni bekor qilishni so‘rab, 12 oktyabrda 06-02-13/35-sonli taqdimnoma kiritilgan.

Andijon shahar hokimligi tomonidan viloyat adliya boshqarmasining taqdimnomasi hamda shahar prokurorining protesti asosida 19 oktyabrdagi 444-q-son qarori bilan shu yilning 11 sentyabrdagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan 403-q-son qarori bekor qilingan.

Top