09:52 / 27.10.2020
6192
Prezident 2021-2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev aytib o‘tdi.

Foto: Shutterstock

«Prezidentimiz 2021-2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslikni bosh masala qilib qo‘ydilar», - dedi u.

Energiya tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish tariflarni oshirish orqali emas, balki tannarxni pasaytirish hisobiga amalga oshiriladi.

Joriy yilning 26 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari» hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga o‘tish kerakligi ta'kidlandi.

«Bu xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida yevroobligatsiyalar chiqarishda muhim omil bo‘ladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi», – deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Top