13:34 / 28.10.2020
9920
2021 yilgi O‘zbekiston davlat budjeti defitsit bilan qabul qilinishi kutilmoqda

Iqtisodiy o‘sish sur'atlarini 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta'minlashga qaratilgan makroiqtisodiy siyosatning 2021 yil uchun asosiy yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlarini belgilash taklif etilmoqda.

Moliya vazirligi 28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga sharhlarni e'lon qildi. 

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 83-moddasiga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, 18 ta modda va 10 ta ilovadan iborat.

Ta'kidlanishicha, makroiqtisodiy siyosatning 2021 yil uchun asosiy yo‘nalishlari va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi taxminlaridan kelib chiqib shakllantirildi.

«Bunda asosiy e'tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, fiskal rag‘batlantirish choralarini mo‘'tadillashtirib borishga, iqtisodiy o‘sish sur'atlarini 5 foizdan yuqori bo‘lishini ta'minlashga qaratiladi. Qator xalqaro moliya institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilda mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish sur'ati 5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotning ko‘zlangan o‘sish sur'atlari sanoatda ishlab chiqarishni 5,8 foizga, xizmatlar sohasida 6,4 foizga, qishloq xo‘jaligida 2,7 foizga o‘sishi hisobiga ta'minlanishi prognoz qilinmoqda», — deyiladi sharhda. 

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilda inflatsiya darajasi 10 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Mazkur rivojlanish ko‘rsatkichlariga har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish orqali erishilishi ta'kidlangan. 

«2021 yil uchun davlat budjeti daromadlari 147,0 trillion so‘m, xarajatlari esa davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olmagan holda 149,7 trillion so‘m miqdorida, davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trillion so‘m miqdorida, xarajatlari esa 40,7 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi rejalashtirilmoqda», — deyiladi sharhda. 

Davlat maqsadli jamg‘armalariga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan 15,9 trillion so‘m transfertlar ajratish belgilangan. Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trillion so‘m, xarajatlari 36,5 trillion so‘mni tashkil etgan holda davlat budjetidan 14,7 trillion so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.

«Buning natijasida kelgusi yilda Davlat budjeti va Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari 17,2 trillion so‘m yoki prognoz qilinayotgan yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foiz miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan», — deya ta'kidlangan vazirlik xabarida. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tushumlari 5,3 trillion so‘mni xarajatlari esa 13,4 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining (Davlat budjeti, Davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga) yuqori chegarasi 37,4 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz miqdorida belgilangan holda joriy yil yakuni bilan kutilayotgan konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligiga nisbatan 1,6 foiz bandga past bo‘lishi rejalashtirilgan.

Top