O‘zbekiston | 13:45 / 28.10.2020
13517
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat qarzining keyingi yillar uchun maksimal chegarasi belgilandi

Moliya yili yakuniy sanasi holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzi qoldig‘ining miqdori joriy yil yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi belgilab qo‘yilmoqda. 

Moliya vazirligi 28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga sharhlarni e'lon qildi. Unda kelgusi yil uchun davlat qarzining chegarasi belgilangan. 

«2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 milliard AQSh dollari (5 milliard AQSh dollari – tashqi, 0,5 milliard AQSh dollari – ichki qarz), shundan davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun - 2,2 milliard AQSh dollari (shu jumladan, ichki qarz – 5 trillion so‘m), investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 3,3 milliard AQSh dollari miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda», — deyiladi vazirlik sharhida.

Avvalroq, keyingi yil uchun davlat budjeti defitsit bilan qabul qilinishi ehtimoli yuqori ekani xabar berilgandi. Shunga muvofiq, budjet taqchilligining yuqori chegarasi 37,4 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz miqdorida belgilangan.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining taqchilligi davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish hamda budjetlarning yil boshiga qoldiq mablag‘lari hisobidan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining taqchilligi jamg‘armaning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid