12:43 / 04.11.2020
83266

Olmaliqda yuzlab kishilar to‘plangani aks etgan video tarqaldi. OKMK vaziyat bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati binosi oldida ko‘plab odamlar to‘plangani aks etgan video tarqaldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yuzlab kishilar kombinatga ishga qabul jarayoni ketmoqda deb o‘ylab shu yerga kelishgan. OKMK binosi oldida nafaqat olmaliqliklar, balki, Ohangaron, Piskent, Bo‘ka va Bekobod tumanlaridan ham kelganlap borligi aytilgan. 

Kun.uz muxbiri mazkur video yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida OKMK axborot xizmati bilan bog‘landi. Berilgan rasmiy munosabatga ko‘ra, bugun «Metallurg» madaniyat saroyi hududida Olmaliq shahri hokimligi tomonidan shahardagi korxona va tashkilotlar ishtirokida «Bo‘sh ish o‘rinlari Mehnat yarmarkasi» tashkil etilgan. Shuningdek, aholi bandligini ta'minlash maqsadida tashkil etilayotgan mazkur tadbirda Olmaliq shahar sektor rahbarlarining sayyor qabuli ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Lekin qabulda aholi soni va murojaatlar ko‘pligi inobatga olinib, karantin qoidalariga rioya qilingan holda hozirda ushbu mehnat yarmarkasi shahar korxona-tashkilotlari va tijorat banklari ishtirokida «Yoshlar bog‘i»ga ko‘chirilgan.

Aytish mumkinki, videoda aks etgan holat yuzasidan aniq bir ma'lumot berilmadi. 

Ma'lumot uchun qayd etish joizki, 2019 yilda kombinatga 2 500 nafardan ortiq fuqaro ishga qabul qilingan bo‘lib, ularning 1 805 nafarini yoshlar tashkil etadi (shundan 321 nafari qizlar). Shu jumladan, 660 nafari aholi bandligiga ko‘maklashish markazi kvota yo‘llanmasiga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kiruvchi shaxslardir. Joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 787 kishi ishga qabul qilingan bo‘lib, ularning 738 nafarini yoshlar tashkil etadi (shundan 158 nafari qizlar). 

Shuningdek, joriy yilning 31 oktabr kuni «Metallurg» madaniyat saroyida yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng 142 kishi kombinatga ishga qabul qilingan. Ma'lumki, OKMK AJda yirik investitsiya loyihalari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida yangi obektlar, xususan, 3-MBF qurilishi munosabati bilan kombinatda 10 mingta ish o‘rni bosqichma-bosqich ochiladi. 

Bugungi mehnat yarmarkasida yoshlarning murojaatlari o‘rganilib, kelgusida kombinatda ochilishi rejalashtirilgan yangi ish o‘rinlariga qabul masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Top