Press-tur maqsadi ishtirokchilarini prezidentimiz islohotlari natijasida qad rostlagan yangi 3-Mis boyitish fabrikasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi. OAV vakillariga dastlab fabrikani qurilish jarayoni xaqidagi film namoyish etildi. So‘ng Markaziy dispetcherlik boshqaruv punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Fabrika direktorining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Odil Fayzullayev ta’kidlaganidek, yangi fabrikaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri - to‘liq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tatbiq etilganidir. Eng zamonaviy raqamli yechimlar va sun’iy intellektni qo‘llagan holda tizim korxonaning butun texnologik siklini - rudani siklli-oqimli tashish va uni maydalashdan tortib, boyitish, suv ta’minoti va chiqindilarni chiqindixonalarga olib ketish jarayonlarigacha qamrab oladi.

Markaziy dispetcherlik boshqaruv punktidan butun texnologik sikl ko‘rinib turadi. Energiya hisobi, ruda sarfi, suv ta’minoti va yordamchi uchastkalar ishi bo‘yicha ma’lumotlar bitta ekranga chiqaradi, shuningdek, asosiy ko‘rsatkichlarni - energiya sarfi hajmidan tortib dvigatel podshipniklarining haroratigacha ko‘rish mumkin. Bunday nazorat xavflarni o‘z vaqtida aniqlashga yordam beradi, to‘xtab qolish ehtimolini kamaytiradi va ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Tizim ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini avtomatik rejimda boshqaradi va mintaqadagi yagona shunday loyiha hisoblanadi.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili yirik maydalangan ma’dan ombori bo‘ldi. Mazkur obmorning sig‘imi 320 ming tonna bo‘lib, bu yerga har biri soatiga 6,5 ming tonna ruda maydalash quvvatiga ega uchta maydalash va yuklash uzel (DPU)larida birinchi bosqich — yirik maydalash jarayonidan o‘tgan 300–350 mm gacha maydalangan ma’danlar ikkita siklik-oqimli texnologiyali (TsPT) konveyerlar orqali yetkazib beriladi.

OAV vakillari press-tur davomida fabrikaning 3-bosqich mayin maydalash korpusi (HGPR) va ma’danni tayyorlash korpusida bo‘ldi.

Fabrikaning ustun jihati – nafaqat ishlab chiqarish quvvatida, balki texnologik darajasi va avtomatlashtirish tizimlarining yuqoriligida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Majmuada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalari mahsulotlari va texnologiyalari joriy etilgan. Masalan, yuqori bosimli HPGR maydalagichlari energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirib, ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi.