Ta’kidlash joizki, obektni qurish ishlari, jumladan uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Germaniyaning Metso-Outotec kompaniyasi esa EPS shartnomasi asosida texnologik uskunalar va jihozlarni yetkazib bermoqda.

Bunda ishlab chiqariladigan kislotaning sifati yuqori darajada toza bo‘lishiga hamda sexning zilzilabardosh va seysmik xavfsizlik me’yorlariga to‘liq javob berishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yana bir muhim jihati, ekologik xavfsizlik choralari sifatida Daniyaning FLSmidth kompaniyasining gazlarni changdan tozalovchi zamonaviy 4 seksiyali filtrlari o‘rnatilmoqda. Bu rux metallining qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlarining oldini olib, boyitmadan rux metalini ajratib olish darajasini oshiradi. Shuningdek, qo‘shimcha gazdan reniy va selen kabi noyob metallarni ajratib olish imkoni ham yaratiladi.

Gazlarni tozalash bo‘limidagi barcha asosiy jihozlar uzoq yillar xizmat qiluvchi kompozitsion materiallardan yasalgan bo‘lib, ularni o‘rnatish va ta’mir ishlariga ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanmaydi.
Quritish va absorbsiyalash bo‘limidagi barcha kislota quvurlari, issiqlik almashtirgichlari zanglamas SX materialidan yasalib, o‘rnatilmoqda. Bu material kislotaga yuqori bardoshligi bilan ajralib turadi.

Mazkur sex foydalanishga topshirilganidan so‘ng, soatiga 79 ming kub metrgacha hajmdagi texnologik gazlar atmosferaga chiqarilmasdan ushlab qolinadi.
Bu o‘z navbatida hududning ekologik holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birgalikda yiliga 180 ming tonna sulfat kislotasini, ya’ni qo‘shimcha tovar mahsulotini ishlab chiqarish imkonini beradi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilda 690 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, mamlakatimizning ichki bozoriga yo‘naltiriladi. Jumladan, sulfat kislotasidan qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar, avtomobillar uchun kislotali akkumulyatorlarni ishlab chiqarishda hamda uran qazib olishda keng foydalaniladi.

















