11:00 / 14.11.2020
2829
Navoiyda bu yil 350 km.dan ortiq yo‘llar ta'mirlandi

Joriy yilning bugungi kuniga qadar Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi buyurtmachiligida Navoiy viloyatidagi tuman yo‘l korxonalari tomonidan 300 km.dan ortiq avtomobil yo‘llarida joriy ta'mirlash ishlari olib borilgan.

Birgina Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida 67 km uzunlikdagi davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llariga to‘liq yangidan qoplama yotqizish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 2800 donadan ortiq zamonaviy nur qaytaruvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi.

Viloyat hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatdagi 4R56 “Oqtosh – Yangiobod –Langar – Chuya” avtomobil yo‘li Xatirchi va Nurota tumanlarini, shuningdek, tog‘li hududda yashovchi Langar qishlog‘i aholisini tuman va viloyat markazi bilan bog‘lovchi yagona yo‘l bo‘lgani, yo‘lning ahamiyati nihoyatda yuqori ekanligini belgilab beradi. Viloyat yo‘lsozlari tomonidan o‘tgan 2 yil davomida ushbu yo‘lning tog‘li hududdan o‘tuvchi qariyb 20 km qismida to‘liq ta'mirlash ishlari olib borilib, yo‘l holati yaxshilangani, hudud aholisini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarga barham berdi.

Joriy yil 10 yanvarda qabul qilingan “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan 2020-2022 yillarda viloyat hududidan o‘tuvchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridagi jami 7 ta obektda 50,5 km uzunlikda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Xususan, joriy yilda obektlarda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun qaror bo‘yicha 29000 mln so‘m ajratilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 41 000,0 mln so‘mlik (141 foiz) yo‘l ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, 4R57 Qizilqum halqa yo‘lining 0-8 km qismlarida avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari uchun joriy yilda 7000 mln so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Amalda pudratchi “Navoiy yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi tomonidan yanvar-noyabr oylarida 11 877,9 mln so‘mlik yo‘l ishlari (170 foiz), 4R55 Metan-Qo‘shrabod-Nurota avtomobil yo‘lining 120-126 km qismida rekonstruksiya qilish ishlari uchun 2400,0 mln so‘m ajratilib, amalda pudratchi “Navoiy ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan 5400,0 mln so‘mlik (225%) qurilish ishlari amalga oshirildi. Boshqa rekonstruksiya obektlarida ham ishlar rejalashtirilganidan ancha oldinda ekanini aytish mumkin.

2020 yilda Navoiy viloyati hududidagi umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini ta'mirlash ishlari uchun Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ham 25 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘lar hisobidan 73 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida to‘liq qoplama yotqizish ishlari bajarildi. Xususan, Zarafshon shahri va Uchquduq tumanlarini viloyat markazi bilan bog‘lovchi xalqaro ahamiyatdagi A-379 «Navoiy-Uchquduq (Zarafshon shahri orqali)» avtomobil yo‘lining ta'mirtalab bo‘lgan 45 km qismiga asfalt qoplama yotqizilib sirtqi ishlov berish orqali to‘liq ta'mirlandi, natijada, ushbu yo‘l xalqimiz o‘z manziliga bexatar yetib olishiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, viloyat miqyosida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan 5 ta ta'mirtalab ko‘priklarni tegishli davlat dasturlari asosida to‘liq qayta qurish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 3 ta ko‘prikda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan.

Bundan tashqari, pudratchi “Navoiy ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan shaharning Islom Karimov ko‘chasining 1,8 km qismi hamda Amir Temur ko‘chasining 1 km qismlari to‘liq qayta qurilib, 4-6 tasmali avtomobil yo‘liga o‘tkazilib, avtotransport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatlanishiga zamin yaratildi.

Ma'lumot uchun, Navoiy viloyati hududida 9456,0 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatga olingan. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 5 avgustdagi 169-sonli qaroriga muvofiq 4017 km uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 356 km xalqaro, 2536 km davlat, 1125 km mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari hisoblanadi. Ushbu yo‘llar Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tasarrufida bo‘lib, boshqarma tarkibidagi tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari tomonidan joriy ta'mirlash va saqlash ishlari bajarib kelinmoqda.

Shuningdek, viloyat hududida ichki xo‘jalik, shahar, qishloq posyolka avtomobil yo‘llari 5439,0 km.ni tashkil etib, tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari hisobida turadi. Shundan, 3733 km qismini ta'mirlash talab etiladi.

Navoiy viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi axborot xizmati

Top