20:53 / 16.11.2020
3003
Moldovaning amaldagi prezidenti saylovlar natijalari bo‘yicha bahslashishini aytdi

Moldovaning amaldagi prezidenti Igor Dodon mamlakatda o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozongan raqibi Mayya Sanduni tabrikladi. Biroq Dodon saylovlar natijalari bo‘yicha sudga arz qilmoqchi.  

Foto: RIA Novosti

“Dastlabki natijalar, mening raqibim, Mayya Sandu xonim g‘alaba qozonganini ko‘rsatmoqda. Gap dastlabki natijalar haqida bormoqda. Va men uni bu bilan tabriklamoqchiman”, deb ma'lum qilgan Dodon brifingda. 

Dodon uni qo‘llab-quvvatlagan saylovchilarga murojaat qilib, osoyishtalikni saqlashga chaqirgan. 

“Meni qo‘llab-quvvatlaganlarga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli hamyurtlar, saylovchilarning deyarli yarmi mening nomzodimni qo‘llab-quvvatladi. Men sizlarni tinchlikka chaqiraman, hech qanday noroziliklar yoki barqarorsizlik kerak emas. Ko‘chaga chiqish kerak bo‘lsa, men bu haqda sizga aytaman”, deb ta'kidlab o‘tgan amaldagi prezident.

Moldovada 15 noyabrda o‘tgan prezident saylovlarida sobiq bosh vazir va Yevropani qo‘llab-quvvatlovchi “Harakat va birdamlik” partiyasi nomzodi Mayya Sandu 57,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Amaldagi prezidentga esa 42,2 foiz saylovchilar o‘z ovozini bergan.

Dodonning ta'kidlashicha, u Sanduning g‘alabasi bo‘yicha bahslashmoqchi. 

“Saylov shtabim saylovlar vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar sodir etilganini qayd qildi. Biz bu holatlarni tekshiramiz. Barcha sud instansiyalaridan o‘tamiz. Agar ular barchasi qonunga muvofiq bo‘lganini tasdiqlasa, ushbu saylov kampaniyasiga nuqta qo‘yamiz”, deb aytgan Dodon.

Top