Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moldova Kishinyov aeroportidagi «Lukoyl» terminalini musodara qiladi
«Lukoyl»ning Moldovadagi aktivlari 20 kundan keyin davlat mulkiga o‘tadi, dedi bosh vazir Aleksandr Muntyanu. Rossiya konserniga Kishinyov aeroportidagi yagona yonilg‘i ombori tegishli.
Moldova hokimiyati Rossiyaning yirik neft giganti «Lukoyl»ga nisbatan AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalar joriy etganidan keyin, bu kompaniyadan Kishinyov aeroportidagi yonilg‘i terminalini olib qo‘yishga qaror qildi. «Biz “Lukoyl-Moldova” MChJga investitsiya faoliyati uchun ruxsat bermaslik haqida qaror qabul qildik», — deya Moldova bosh vaziri Aleksandr Muntyanuning dushanba, 15 dekabr kuni bergan bayonotini Unimedia nashri keltirdi. Muntyanuning aytishicha, yaqin 20 kun ichida aeroportning neftni qayta ishlashga oid tuzilmasi davlat mulkiga topshirilishi kerak — shu tariqa 2005 yilgacha bo‘lgan holat tiklanadi.
Moldovaning davlat xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega zonalarda investitsiyalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha kengashi «Lukoyl-Moldova»ga mamlakat hududida keyingi investitsiya faoliyatini olib borishga rad javobini berdi. Unimedia keyinroq ma’lum qilishicha, qaror kompaniya 2024 yil may oyidan beri belgilangan talablarni bajarmagani oqibati hisoblanadi.
Avvalroq Moldova hukumati AQSh sanksiyalari sabab mamlakatdagi «Lukoyl» tuzilmalarining ishini to‘xtatish zarurligini ma’lum qilgan edi. Energetika vaziri Dorin Jungiyetu Kishinyov aeroportida samolyotlarga yonilg‘i quyish uchun mo‘ljallangan yagona terminal «Lukoyl»ga tegishli ekanini aytdi. U Kishinyov AQShning Rossiya neft kompaniyasiga qarshi sanksiyalariga qo‘shilayotganini ta’kidlar ekan, AQShdan uning faoliyatiga «muammo hal etilguniga qadar, neft resurslari Moldova Respublikasiga yetkazib berilishini buzmaslik va odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qilmasligi uchun» vaqtinchalik ruxsat berishni so‘raganini bildirdi.
Bundan tashqari, Jungiyetu ma’lum qilishicha, Moldova hukumati «milliy xavfsizlik mulohazalari»ga ko‘ra «Lukoyl»ning o‘z aktivlarini uchinchi kompaniyaga sotish taklifini qabul qilmagan. «Lukoyl» faoliyati to‘xtatilgandan keyin yonilg‘i yetkazib berishni ta’minlash uchun Moldova Ruminiya va Bolgariya bilan muzokaralar olib bormoqda, deya qayd etdi mamlakat energetika vaziri.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 22 oktyabr kuni Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha «Rossiya tomonidan tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish yo‘qligi» sabab qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi. Yangi cheklovlar ostiga faqat «Lukoyl» va «Rosneft» emas, balki ularning 34 ta shu’ba kompaniyasi ham tushdi. Bloklash, shuningdek, «Lukoyl» va «Rosneft» ulushi 50 foizga teng yoki undan yuqori bo‘lgan barcha korxonalarga ham tatbiq etiladi.
Mavzuga oid
09:55
Putin: Yonilg‘i tanqisligi Ukrainadagi urushga ta’sir qilmaydi
08:45
Sanksiyalar yumshatilishi Rossiya neft eksportiga turtki berdi
21:15 / 23.06.2026
Rossiya Ukraina bilan «2022 yildagi Istanbul kelishuvlari asosida» muzokaralar olib borishga tayyor - Putin
16:29 / 23.06.2026