11:05 / 16.11.2020
2617
Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Hujjat prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2020 yil 2 sentyabrdagi PF-6059-son farmoni hamda "O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida" 2020 yil 2 sentyabrdagi PQ-4817-son qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan.
 
Qaror bilan:

O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom (1);

"O‘zbekipaksanoat" uyushmasi huzuridagi Pillachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2);

O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali ipak chiqindilari va xom ipakning olib chiqilishini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (3) tasdiqlandi.
 
Nizom (1) Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi. Qo‘mitaga bir oy muddatda hududiy boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash topshirildi.
 
Nizom (2) mustaqil yuridik shaxs bo‘lmagan jamg‘arma maqomini, daromadlari manbalari va mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilaydi. Ipak chiqindilari va xom ipakni eksport qilishda tushadigan mablag‘lar jamg‘arma daromadlarining asosiy manbasi hisoblanadi. Jamg‘arma pilla xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni, pillachilikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro yig‘ilishlar o‘tkazilishi va boshqa belgilangan xarajatlarni moliyalashtiradi.
 
Nizom (3) pillachilik tashkilotlari tomonidan bojxona chegarasi orqali TIF TN 5002 va 5003 kodlari bilan tasniflangan tovarlarni eksport qilishni monitoring qilish tartibini belgilaydi. Eksport qiluvchilar «O‘zbekipaksanoat» uyushmasiga eksport kontraktlari nusxalarini, narxlar kalkulyatsiyasini, eksport qilinadigan tovarning har bir kilogrammi uchun 0,05 dollar miqdorida bojxona yig‘imi to‘langanligi to‘g‘risida to‘lov hujjatini taqdim etishlari kerak.
 
Hujjat 11.11.2020 yildan kuchga kirdi. 

Top