14:56 / 20.11.2020
7896
Makron Aliyev va Pashinyan bilan gaplashib, Qorabog‘da Fransiya yordamini taklif qildi
Foto: AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Fransiya prezidenti ma'muriyatining xabar berishicha, Makronning Ozarboyjon va Armaniston prezidentlari bilan suhbatida ikki davlat o‘rtasida imzolangan sulh bitimidan keyingi ustuvor vazifalar qayd etilgan.

Bayonotda ta'kidlanishicha, mojaro tugagach, Tog‘li Qorabog‘dagi odamlarni himoya qilish va so‘nggi haftalarda uylarini tashlab ketgan o‘n minglab odamlarni uylariga qaytarish uchun muzokaralar samimiy tarzda davom etishi kerak.

Shuningdek, Makron Fransiya Tog‘li Qorabog‘ mintaqasiga gumanitar yordam ko‘rsatish, diniy va madaniy merosni himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanligini ta'kidlagan.

9 noyabr kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2020 yilning 10 noyabridan Tog‘li Qorabog‘ hududida o‘t ochishni butunlay to‘xtatishni nazarda tutuvchi bayonotni imzolagandi. Oldinroq Ozarboyjon Qorabog‘dagi yirik shaharlardan biri Shushani egallagach, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat jangda taslim bo‘lishini tan olgandi.

Top