21:22 / 20.11.2020
3809
Skoliozning oldini olish va davolash choralari nimalardan iborat? - Mutaxassis izohi

Cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tibbiyot fanlari nomzodi Murod Karimov bilan bola tanasining rivojlanishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha suhbat uyushtirdi.

– Yassioyoqlikni tovonni ko‘tarib turadigan maxsus yostiqchali (spinatorli) oyoq kiyim bilan bartaraf etish mumkinmi?

– Albatta, yassioyoqlikda maxsus yostiqchali oyoq kiyimlar kiyish eng maqbul choradir. Umuman olganda, bunday oyoq kiyimlarni biz barchaga tavsiya etamiz. Sababi shuki, inson yurganda yerdan muayyan darajada zarba oladi. Agar, oyoq to‘g‘ri rivojlangan bo‘lsa, oyoq panjalari zarbani qaytaradi. Aks holda, zarba organizmga o‘tib bo‘ksa, bel, tizza bo‘g‘imlarga ta'sir etadi. 

– Disk churrasini konservativ usulda davolasa bo‘ladimi?

– Buning uchun kasallikni erta bosqichda aniqlash kerak. Agar xastalik kech aniqlansa, faqat operatsiya yo‘li bilan davolanadi. Hozirda butun dunyoda bo‘lganidek, mamlakatimiz tibbiyotida ham zamonaviy endoskopiya usulida, katta kesim kesmasdan kichik kesimlar orqali bartaraf etish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday operatsiyalar yurtimizning barcha hududlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. 

– Suyak chiqqanda, singanda ba'zilar tabibga murojaat qiladi. Ayting-chi, suyak-bo‘g‘im muammolarini tabiblar to‘la bartaraf eta oladimi? 

– Bunday holatlarga ish tajribamizda ko‘p bor duch kelamiz. Aksariyat bemorlar dastlab tabibga borib shifo topmagach, tibbiyotga murojaat qilishadi. Insonning suyak-bo‘g‘imlari shu qadar murakkab a'zoki, ularda biror muammo yuzaga kelsa, avvalo, uni chuqur tibbiy tekshirish lozim. Aks holda, yo‘l qo‘yilgan kichik xato ham keyinchalik insonning, ayniqsa, yosh bolalarning nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, o‘zi va farzandlari sog‘ligiga e'tiborli har qanday inson malakali tibbiy yordamni tanlaydi. Xalqimiz orasida dalillarga asoslangan zamonaviy tibbiyotning bunday o‘ziga xos tamoyillarini targ‘ib etishda hamshiralarning o‘rni katta. 

– Skolioz kasalligi, uni erta aniqlash yo‘llari haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Skolioz ideopatik kasallik bo‘lib, haligacha uning kelib chiqishi sababi fanga ma'lum emas. Bu kasallik 10-16 yoshlar oralig‘ida namoyon bo‘la boshlaydi. Uni erta aniqlashda ota-onaning sinchkovligi muhim ahamiyatga ega. Chunki, ota-ona bolaning gavdasi qanday rivojlanayotganini doimiy kuzatish imkoniga ega. Agar bola qaddini tik tutib yurmasa, o‘sish-rivojlanishdan ortda qola boshlasa, darhol uni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka, xususan, ortoped vrach ko‘rigiga olib borish lozim. Tibbiyot muassasalarimizda bu kasallikni erta bosqichlarda aniqlash uchun barcha sharoitlar mavjud.

Skolioz qancha erta aniqlansa, shuncha samarali davolanadi. Kech bosqichlarda esa operatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Operatsiya jarayoni va undan keyingi reabilitatsiya tadbirlari ancha murakkab bo‘lib, bu kursni to‘liq o‘tash bemordan ham, uning ota-onasidan ham katta matonat talab etadi.

Top