18:52 / 20.11.2020
46504
To‘raqo‘rg‘on IESdagi avariya sababi ma'lum qilindi

To‘raqo‘rg‘on IESning energobloklaridan biri avariyaviy to‘xtashiga 2-energoblokning yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv sathining ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan.

Energetika vazirligi matbuot xizmati Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on IESda avariyaviy o‘chish yuz berishi va viloyatning aksar hududlari elektrsiz qolgani holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Joriy yilning 20 noyabr kuni soat 15:51da To‘raqo‘rg‘on IESning 2ta energobloki avariyaviy to‘xtadi. Buning natijasida mazkur stansiya orqali energotizimga yetkazib berilayotgan quvvat 600 MVtga kamaydi.

Buning oqibatida vodiy viloyatlari, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi. 

Operativ tarzda o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, avariyaviy to‘xtash 2-energoblokning yuqori bosimli barabanidagi o‘lchov datchiklarining impuls liniyasi muzlab qolishi va buning oqibatida suv sathining ko‘tarilishi natijasida ro‘y bergan. 1-energoblok esa chastotaning pasayishi natijasida to‘xtagan», deyiladi xabarda.

Ushbu quvvat yetishmovchiligini qoplash uchun Taxiatosh IESda quvvati 280 MVt bo‘lgan 1-energoblok soat 16:30da ishga tushirilgan. Hozirda 30 MVt quvvatda ishlamoqda. Soat 22:00ga qadar 200 MVt quvvatga chiqariladi.

Tolimarjon IESda quvvati 450 MVt bo‘lgan 2-energoblokning gaz turbinasi soat 16:11da ishga tushirilgan. Hozirda 300 MVt to‘liq quvvatda ishlamoqda.

«Hozirda To‘raqo‘rg‘on IESda muzlagan himoya datchiklarini sozlash ishlari bajarilib, 2-energoblok soat 17:50da tizimga ulandi. Ayni paytda 150 MVt quvvat bermoqda. Bugun soat 19:00ga qadar quvvati 250 MVtga chiqariladi. 1-energoblok bugun soat 19:30gacha ishga tushirilib, tizimga 200 MVt quvvat beradi. Natijada bugun soat 21:00ga qadar ushbu energobloklarda 700 MVt quvvatga yetadi.

Shuningdek, elektr ta'minotidagi uzilish sababli Zirabuloq kompressor stansiyasida bugun soat 15:45da 4ta va 15:55da G‘allaorol kompressor stansiyasida 4ta gaz haydash agregatlarining vaqtincha to‘xtashi ro‘y berdi. Soat 16:35ga qadar elektr ta'minoti tiklanib, kompressor stansiyalari shtat rejimda ishlashga o‘tdi», deyiladi xabarda.

Top