17:57 / 22.11.2020
20847
«Oskar» mukofotiga O‘zbekistondan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tavsiya etildi

Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» badiiy filmi 2021 yilgi «Oskar» mukofotiga da'vogarlik qiladigan bo‘ldi. Filmda o‘tgan asr boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta'siri bir oila misolida ochib beriladi.

O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi nufuzli mukofotning «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga da'vogarlik uchun «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmini tanladi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi xabariga ko‘ra, qo‘mitaning 21 noyabrdagi yig‘ilishida shunday qarorga kelingan.

Rejissyor Yolqin To‘ychiyevning filmi «O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Fox music cinema» studiyasi tomonidan suratga olingan.

Kartinada o‘tgan asr boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ta'siri bir oila misolida ochib beriladi. Ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga e'tibor bermay, odamlardan narida uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil to‘rtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bog‘liq ba'zi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Rollarni Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar ijro etgan.

Mualliflar kartinani 25 noyabrgacha tegishli tartibda O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasiga taqdim etishi zarur.

«Oskar» mukofotiga da'vogar o‘zbek filmlari short-listiga Jahongir Qosimovning «Ibrat» va Ayub Shahobiddinovning «Rangsiz tushlar» filmlari ham kiritilgandi.

O‘zbekiston «Oskar» qo‘mitasi yig‘ilishida qo‘mita raisi Firdavs Abduxoliqov hamda qo‘mita a'zolari Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbosov, Nigora Karimova, Jahongir Ahmedov, Mannop Qo‘chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Baxtiyor Yoqubov, Farrux To‘laganov, Eldor Yo‘ldoshev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va qo‘mita koordinatori Oybek Abdushukurovlar ishtirok etgan.

Mazkur qo‘mita 2019 yil bahorida «O‘zbekkino» Milliy agentligi, Yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan tashkil qilingan edi.

93-marta tashkil etiladigan «Oskar» mukofotining taqdirlash marosimi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjyeles shahrining mashhur «Dolby» teatrida bo‘lib o‘tadi.

Top