«Bu kam emas» – «Hududgazta'minot» rasmiysi suyultirilgan gaz tarqatishdagi me'yor haqida
«Hududgazta'minot» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Tohirjon Turdiyev 23 noyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingdan so‘ng Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish masalasida gapirdi. Rais o‘rinbosari ma'lumot berishicha, ayni kunda bir dona gaz ballon 45 kunga mo‘ljallangan va 22 ming 400 so‘mdan yetkazib beriladi.
«Aholidan bir savol tushadiki, bir oyga bir dona gaz ballon beriladimi, degan. Yo‘q. Hozirgi kunda resurs, imkoniyatlardan kelib chiqib bu masala monitoring qilib ko‘rilgan bo‘lib, 45 kunga bir dona gaz ballon yetkazib berish ta'minlanadi. Gaz grafik asosida tuman hokimlari bilan tasdiqlangan jadvallarga asosan yetkazib beriladi. Bu kam emas. Bir narsani ilova qilishimiz kerak, qishki mavsumda suyultirilgan gazni faqat ovqat tayyorlash uchun yetkazib beramiz.
Bu bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Qishki mavsumda aholiga 6 oy - oktyabrdan mart oyigacha qo‘shimcha ravishda 384 ming tonna gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Bir kunda 1400 tonna gaz olinayotgan bo‘lsa, hozirgi kunda 2000 tonna gaz olinmoqda.
Suyultirilgan gazni Qashqadaryo viloyatida joylashgan «Sho‘rtan» neft va gaz, «Muborak» neft va gazni qazib chiqarish va uchta zavod orqali Qashqadaryodan olamiz. Bizda eng og‘ir hudud bo‘lgan vodiy viloyatlariga uch kun bo‘ldiki, suyultirilgan gazni temir yo‘l orqali to‘liq yetkazib berish ta'minlanmoqda. 160ta vagonga yana qo‘shimcha 90ta vagon qo‘shildi.
Ob-havo qanday bo‘lishidan qat'i nazar aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish ta'minlanadi», dedi rais o‘rinbosari.
Tohirjon Turdiyev suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlarga qo‘shimcha narx qo‘yib sotish holatlari uchrab turgani va bunga nisbatan keskin choralar ko‘rilayotgani haqida ham gapirdi. U respublika miqyosida gaz uchun bir xil narx joriy qilinganini ta'kidlab o‘tdi.
«Bu jarayonda har bir holat nazoratga olingan. «Hududgaz» AJda korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi ham tashkil etilgan. Bu bo‘yicha barcha viloyatlardan xodimlar ishga olingan. Buning uchun ishlanyapti.
Samarqand misolida ayta olaman, ushbu viloyatni o‘rganish yakunlariga ko‘ra 14 nafar xodimga nisbatan keskin chora ko‘rildi. Ularning hujjatlari prokuraturaga taqdim etilgan. Aholiga ajratilgan suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib borolmagani yoki uni bunkerda to‘plab, qo‘shimcha narx qo‘yib sotish holatlari aniqlandi va bunga chora ko‘rilyapti.
Bugungi kunda aholiga sotilayotgan suyultirilgan gazning narxi respublika bo‘yicha 22 ming 400 so‘m.
Yana bir xizmat turini joriy qildikki, aholiga ajratilgan gaz ballonni uyiga olib kirib o‘rnatib, xavfsizligini ta'minlab, tekshirib berish hisobiga 3000 so‘m qo‘shimcha haq olinadi. Bu majburiy emas, ixtiyoriy ravishda. Buni aholi to‘g‘ri qabul qilishi kerak.
Hozirda gaz eksporti mutlaqo to‘xtadi. Kuz-qish mavsumi bo‘lganligi uchun asosiy gaz ichki bozorga, ya'ni aholiga yo‘naltirildi. «O‘zbekneftgaz» bergan ma'lumotga ko‘ra, barcha miqdor ichki bozorga yo‘naltirildi», deydi rais o‘rinbosari.
Avvalroq, Kun.uz saytida Samarqand viloyatida gaz ballonlarini aholiga o‘z vaqtida yetkazilmayotgani xususida bir qancha murojaatlar yuzasidan surishtiruv e'lon qilingandi. Unda mahallalarga ikki oyda bir marta gaz balloni kelayotgani aytilgandi.
Mavzuga oid
16:50 / 21.12.2024
«Hududgazta’minot» gaz hisoblagichlar batareyalari bilan bog‘liq muammolarga izoh berdi
16:36 / 20.12.2024
Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza
17:32 / 19.12.2024
Qarshidagi fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq - “Hududgazta’minot”
17:02 / 28.11.2024