12:06 / 23.11.2020
5305

Notariuslar uchun beshta ma'muriy reglament tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi “Notariuslar tomonidan ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi ma'muriy reglamentlarni tasdiqlash haqida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat prezidentning "O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2019 yil 9 sentyabrdagi PF-5816-son farmoniga muvofiq qabul qilingan.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi. U notarius tomonidan ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, umrbod ta'minlash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga berish shartnomalari va boshqa shu kabi shartnomalarni tasdiqlash tartibini belgilaydi.
 
Notarius tomonidan shartnoma notarial idora binosida yoki murojaat qiluvchilarning talabiga ko‘ra sayyor tartibda rasmiylashtiriladi.
 
Bitim notarial idora binosidan tashqarida rasmiylashtirilgan taqdirda, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida bitim rasmiylashtirilgan joyning manzili ko‘rsatiladi va bitimni rasmiylashtirish hamda imzolash jarayoni majburiy audio va videoga qayd etiladi.
 
"Notariat to‘g‘risida"gi qonunning 11-moddasiga asosan O‘zbekistonda notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan notarius tomonidan rus tilida yoki imkon bo‘lsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
 
Shuningdek, ma'muriy reglamentda quyidagi tartiblar bayon etilgan:

  • murojaat qilish;
  • murojaat qiluvchini qabul qilish, uning shaxsini, muomala va huquq layoqatini aniqlash;
  • voyaga yetmagan, muomala layoqati cheklangan va muomalaga layoqatsiz shaxslar ishtirokida bitimni tasdiqlash;
  • kar-soqovlik nuqsoni va ko‘zi ojiz bo‘lgan shaxslar ishtirokida bitimni tasdiqlash;
  • bitim yuzasidan o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
  • bitimni tasdiqlash uchun to‘lovlarni amalga oshirish;
  • bitimni videokonferensaloqa rejimida tasdiqlash;
  • bitimni tasdiqlashni rad qilish;
  • hujjatlarni notarial idorada saqlash va notarial arxivga topshirish va boshqalar.

Shuningdek, qaror bilan:

  • notariuslar tomonidan avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;
  • notariuslar tomonidan mol-mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomalarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;
  • notariuslar tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlashning ma'muriy reglamenti;
  • notariuslar tomonidan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Hujjat 19.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Top