08:13 / 01.12.2020
9411
Energetika vaziri elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilishlarga izoh berdi

O‘zbekistonda so‘nggi 30 yil ichida neft-gaz va elektr energetikasi sohalariga hech narsa kiritilmagan. Bu haqda energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Kun.uz / arxiv

Energetika vaziriga nima uchun sovuq tushishi bilan elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar boshlangani va nega so‘nggi to‘rt yil ichida tizimni tartibga solishning iloji bo‘lmagani haqida savol berildi. Alisher Sultonov bu odatiy amaliyot ekanini bildirdi hamda «bunday holatlarda vahimaga tushmaslik kerak», deb qo‘shimcha qilib o‘tdi

Qayd etilishicha, bularning barchasini o‘z vaqtida oldini olish va tizimni qanday qurish, normallashtirish kerakligini tushunib yetish muhim. 

«Men favqulodda vaziyatlar yuz bergani yaxshi, deb aytmayapman. Tabiiyki, biz bu bilan shug‘ullanamiz, nima uchun bunday bo‘lganini, kim aybdor ekanini aniqlaymiz. Kimdir aybdorligi aniq. Mo‘jizalar bo‘lmaydi», - dedi u.

Vazir «barcha rejimlar moslashtirilgani, butun tizim barqarorlashtirilgani»ni ta'kidladi.

«Buni to‘rt yil ichida amalga oshirish mumkin edimi? Menimcha, yo‘q. Bitta stansiyaning qurilishi uch yil davom etadi. Nafaqat neft-gaz sanoatiga, balki elektr energetikasiga ham so‘nggi 30 yil ichida hech nima kiritilmadi», - dedi energetika vaziri. 

Vazirning ta'kidlashicha, tizim eskirganiga qaramay, quvvatlar ishlamoqda, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda, energetika sohasidagi strategiya esa ishlab chiqarish quvvatlariga xususiy kapitalni jalb qilishga qaratilgan. 

Top