22:29 / 01.12.2020
4480
Xitoyning fazoviy qurilmasi Oyga qo‘ndi

Xitoyning “Chan'e-5” fazoviy qurilmasi Oy sirtiga muvaffaqiyatli qo‘ndi. U Yerga Oydan olinadigan tuproq namunasini yetkazishi kerak.

Foto: Reuters

Qurilma Toshkent vaqti bilan soat 20:15da Oyning ko‘rinadigan tomoni g‘arbiy qismida joylashgan Bo‘ronlar okeaniga qo‘ndirilgan. Xitoy Milliy koinot boshqarmasining (CNSA) xabar berishicha, qurilma Oyda 2 kun ish olib boradi.

Qurilma Oy sirtini burg‘ilab, 2 kgga yaqin tog‘ jinsi olishi rejalashtirilgan. So‘ngra olingan namuna Yerga 3 hafta davomida yetkaziladi.

Xitoylik olimlar Oy tuprog‘ini o‘rganish davomida oladigan ma'lumotlar keyinchalik Yerning tabiiy yo‘ldoshida ilmiy-tadqiqot bazasini qurishga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi.  

24 noyabrda “Chanchjen-5” raketasi “Chan'e-5” bilan birga Xaynan orolidagi kosmodromdan fazoga uchirilgandi.  

Oy tuprog‘ini Yerga yetkazuvchi orbital qurilma 16-17 dekabr kunlari Xitoyning Ichki Mo‘g‘uliston muxtor tumanida qo‘ndirilishi rejalashtirilmoqda.

Agar missiya muvaffaqiyatli o‘tsa, Xitoy Rossiya va AQShdan keyin Oy tuprog‘ini Yerga yetkazgan uchinchi va buni 44 yil ichida amalga oshirgan birinchi davlat bo‘ladi. 

Top