21:52 / 03.12.2020
5681
Blogerga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilindi

Bosh prokuratura vakili Hayot Shamsuddinov andijonlik bloger Otabek Nuriddinovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilinganini ma'lum qildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Telegram sahifasida «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida andijonlik bloger Otabek Nuriddinov tomonidan unga nisbatan asossiz jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi haqida qoldirilgan post bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ta'kidlanishicha, Andijon viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan mazkur jinoyat ishi nazorat tartibida o‘rganilgan.

«Aniqlanishicha, 2020 yil oktyabr oyida Abdufatto Nuriddinov «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida mavjud bo‘lgan «Otabek Nuriddinov» nomli sahifasida fuqaro G.Mirzayevani «ma'naviy buzuq ayol» va shu kabi so‘zlar bilan haqoratlaganligi bo‘yicha 20 noyabr kuni Andijon shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi («Haqorat qilish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq, jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qarorni qabul qilishda jinoyat protsessual qonunchiligi talablariga to‘liq rioya qilinmaganligi aniqlangan», — deb xabar berida Shamsuddinov.

Ma'lum qilinishicha, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasi («Aybsizlik prezumpsiyasi») 3-qismiga muvofiq A.Nuriddinovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilindi.

Abdufatto Nuriddinov Andijon viloyati Asaka shahri, Ibn Sino mahallasi Shinam ko‘chasida yashaydi. Facebook'da Otabek Nuriddinov nomi ostida akkaunt yuritadi. U ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati ijtimoiy sohalaridagi kamchiliklar haqida yozib kelgan.

Bloger o‘tgan yili ma'muriy javobgarlikka tortilib, 15 sutkaga qamalgandi.

Top