11:57 / 03.12.2020
10170
Buxoro viloyatida yana bir tuman hokimi almashdi

Xalq deputatlari Peshku tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Sessiyada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Botir Zaripov so‘zga chiqdi. 

“Hozir izlanishda bo‘lgan, o‘zini qiynayotgan hokimlar kerak, ishbilarmon kerak, xalqning dardini tushunadigan, xalqning dardi bilan yashaydigan rahbarlar kerak. Bu zamonning talabi. Chunki bugungi islohotlarning qay darajada amalga oshishi rahbarlarning dunyoqarashiga, halol va pok, tadbirkor va tashabbuskor bo‘lishiga bog‘liqdir. Rahbarlik lavozim yoki mansab emas, avvalo, odamlarga xizmat qilish mas'uliyati ekanini barcha to‘g‘ri tushunib olishi zarur. Rahbar degani hammadan ko‘proq ishlab, fuqarolar saodati va yurt ravnaqi uchun yelib-yuguradigan fidoyi inson bo‘lishi kerak. Chunki xalq hamisha o‘z dasturxoniga, turish-turmushiga qarab rahbarlarning ishiga baho beradi”, — dedi viloyat rahbari.

Sessiyada 2017 yildan beri Peshku tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Amrillo Nazarov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangani ma'lum qilindi.

Peshku tumaniga esa Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Vahob Qahhorov hokim etib tasdiqlandi.

Bundan oldin, Buxoro va Jondor tumanlariga yangi hokim tasdiqlangani xabar berilgandi.

Top