Jamiyat | 13:33 / 03.12.2020
3913
3 daqiqa o‘qiladi

«Qonunlarni qabul qilish ishning 50 foizi. Ularni hayotga tatbiq qilish ham kerak» – Akmal Saidov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Xalqaro press-klubdagi davra suhbatida qonun ustivorligida so‘z erkinligining tutgan o‘rni haqida gapirdi.

«Bizdagi eng katta muammo nima desangiz men aytardimki, qonunlarni qabul qilish bu ishning 50 foizi. Asosiysi ularni hayotga izchil tatbiq qilish kerak.

«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunga asosan, hozir OAV jamoatchilik nazoratining mustaqil sub'yektiga aylandi. Qachon bo‘lgan shunday?

Oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan 290ta xususiy va idoraviy nodavlat internet nashrlari tashkil etildi. Bu hech qachon bo‘lmagan. Bular o‘zbek, rus va ingliz tillarida faoliyat olib boradi.

Bundan tashqari, butun davlat organlarimizda axborot xizmatlarini tashkil etdik. 201ta tuman va shahar hokimliklarida birinchi marta matbuot xizmati joriy etildi.

To‘g‘ri, ular yaxshi yoki yomon ishlayotgan bo‘lishi mumkin, lekin shu birinchi marta qilindi.

Bizda, to‘g‘risi, nodavlat OAV jadalroq rivojlanyapti.

Mashhur amerikalik huquqshunos Ralf Neyder ta'kidlaganidek, «Axborot — demokratiyaning asosiy valutasidir». So‘z erkinligisiz demokratiya ham, inson erkinligi ham bo‘lmaydi.

So‘z erkinligi — har bir fuqaroning shaxsiy va tabiiy huquqidir. Hozirgi kunda inson huquqlari global huquqqa aylandi.

So‘z va mabuot erkinligini biz 3 darajada ko‘rishimiz kerak. Bular: davlat, mintaqa va global darajadalardir.

Konstitutsiyada ikki nuqtayi nazardan O‘zbekistondagi matbuot erkinligi e'tirof etilgan. 29-moddada har bir shaxsning shaxsiy konstitutsiyaviy huquqi, 67-moddada esa OAVning fuqarolik jamiyatining instituti jihatdan.

Biz birinchi o‘rinda so‘z erkinligining huquqiy asoslarini ta'minlashga qaratilgan amaliy qadamlar qo‘ydik. Ikkinchidan, so‘z va matbuot erkinligini ta'minlashga qaratilgan institutsional o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Masalan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etildi, nodavlat axborot vositalari tizimi rivojlantirildi, professional, zamonaviy fikrlaydigan jurnalistlarni tayyorlash bo‘yicha O‘zJOKUni tashkil etdik. Chunki hozirgi kunda fikrlaydigan jurnalissiz erkin matbuot bo‘lmaydi», — dedi Akmal Saidov.

Mavzuga oid