09:59 / 07.12.2020
1055
“Formula-1”: Serxio Peres 10 yillik urinishdan keyin birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi
Foto: Reuters

“Formula-1”ning Bahraynda o‘tgan ikkinchi poygasi – Sahir gran-prisida Racing Point jamoasi vakili, meksikalik Serxio Peres g‘alaba qozondi. E'tiborlisi, ushbu g‘alaba poygachining uzoq yillik faoliyatidagi birinchisi bo‘ldi.

“Menda so‘z yo‘q. Umid qilamanki, bu tush emas, men bu lahzani uzoq vaqt orzu qilgandim. Bunga menda 10 yil ketdi. Birinchi aylanadan keyin men uchun poyga yakunlandi deb o‘ylagandim, biroq taslim bo‘lishni istamadim. Kelgusi faoliyatimga to‘xtalsak, men uni davom ettirmoqchiman, biroq bu endi mening qo‘limda emas. Agar 2021 yilda “Formula-1”da bo‘lmasam, 2022 yilda unga qaytaman”, deb izoh bergan o‘z g‘alabasiga Peres.

Poygada 2-o‘rinni Renault a'zosi Esteban Okon, 3-o‘rinni Racing Point’ning yana bir vakili Lens Stroll egalladi.

Avvalroq britaniyalik poygachi Lyuis Hemilton ushbu mavsumda muddatdan oldin chempionlikni rasmiylashtirib qo‘ygandi. U poygalarning 7 karra chempioniga aylanib, bu borada afsonaviy nemis poygachisi Mixael Shumaxer rekordini takrorladi. Biroq Lyuis Bahrayndagi poygada koronavirusga chalingani sababli ishtirok eta olmagan. 

11-13 dekabrda Abu-Dabida poyganing so‘nggi bosqichi bo‘lib o‘tadi. 

Top