17:36 / 11.12.2020
3347
«O‘zbekneftgaz»: «Korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish» mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

10 dekabr kuni «O‘zbekneftgaz» AJda BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi doirasida, KPMG xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJda joriy etilayotgan to‘rt bosqichli korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat tizimining 3-bosqichi doirasida o‘quv amaliy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Seminarda KPMG kompaniyasi ekspertlari Irina Burdikova, Petr Serdyuk va Farrux Abdullaxanov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Nodira Zikrillayeva, «O‘zbekneftgaz» AJ departamentlari va bo‘limlarining mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan Jamiyatda komplayens sohasida qabul qilingan ichki me'yoriy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, monitoring qilish va hisobotlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi va tegishli taqdimot o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida mavzuga oid blits-so‘rovlar, turli viktorinalar va korrupsiyaga qarshi taomillarni monitoring va nazorat qilish bo‘yicha savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

Samarali va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tkazilgan seminarda KPMG ekspertlari Jamiyatda komplayens sohasida olib borilayotgan amaliy ishlarga ijobiy baho berdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Top