18:35 / 15.12.2020
1511
AQShda 2020 yilda tabiiy ofatlar sug‘urta sanoatiga 76 milliard dollarga tushdi

Shveytsariyaning Swiss Re sug‘urta kompaniyasi bergan ma'lumotga ko‘ra, AQSh hududida yuz bergan yong‘inlar va Atlantika okeanidagi rekord miqdordagi to‘fonlar keltirgan zararlarni qoplab berish uchun sug‘urta kompaniyalari 76 millard dollar chiqim qilishgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

2019 yilda 54 milliard dollarga teng bo‘lgan bu ko‘rsatkich joriy yilda 40 foizga ortgan. Jami summaning 7 milliardi inson omili bilan yuz bergan talafotlar uchun to‘lab berilgan.

Sug‘urta sanoatidagi to‘lovlar 2020 yilda jami 83 millard dollar bo‘lib, bu sug‘urta tarixidagi 5-ko‘rsatkich hisoblanadi.

«Bu kabi xarajatlarning salmoqli qismi AQShdagi to‘fonlar, tornadolar, toshqin va yong‘inlar uchun to‘langan», deyiladi kompaniya hisobotida.

Kaliforniya, Oregon va Vashington shtatlarida ro‘y bergan 800dan ortiq yong‘inlar oqibatida 2 million 428 ming gektar hududni qamrab olib, minglab inshootlarni xarobaga aylantirdi.

Shimoliy Atlantikada 30ta mavsumiy to‘fon 20 milliardlik sug‘urta da'volariga sabab bo‘ldi.

Iqlim o‘zgarishi nam havo va ko‘tarilishda davom etayotgan harorat kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi va ular ob-havo yanada keskinroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

«Koronavirus iqlim o‘zgarishiga ijobiy ta'sir qildi. Lekin pandemiya nihoyasiga yetgach, global iqtisodiy tiklanish tufayli jamiyat xarajatlari yana orta boshlaydi», deydi Swiss Re kompaniyasi bosh iqtisodchisi Jyerom Jan Hegeli.

Top