18:41 / 20.12.2020
59009
Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi rahbari ishni Malibu-2 xaridi bilan boshlagan

Bir oy avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Murod Qurbonov xizmatda foydalanish uchun Malibu-2 avtomobilini xarid qildi. Shuningdek, davlat mablag‘lari hisobiga qimmatbaho mashinalarni xarid qilish davom etmoqda.

Murod Qurbonov

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murod Qurbonov «UzAuto Motors» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Malibu-2 rusumli mashinani 311 million 124 ming 67 so‘mga sotib olish bo‘yicha shartnomani 11 dekabr kuni imzolagan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Vazirlik yangi avtomobil xarididan ko‘zlangan maqsad shartnomada ochiqlanmagan.

Murod Qurbonov vazirlikda egallab turgan lavozimiga 9 noyabr kuni kirishgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Qurilish vazirligi ikkita Malibu-2 xarid qilishga rozilik olib, 16 dekabr kuni avtomobillarni 324 million 450 ming so‘mdan xarid qilgan.

Bundan tashqari,  Vazirlar Mahkamasi apparati Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi Avtoxo‘jaligi 27 noyabr kuni Malibu-2 sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ma'lumot uchun, 12 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qariyb 883 mln so‘mga Toyota Prado avtomobili sotib olinganNamangan viloyat hokimligi 2 iyulda 1 mlrd 579 mln so‘mga Touota LC 200 avtomobilini, 23 sentyabrda 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobilni sotib olgan.

Pop va Uchqo‘rg‘on tuman hokimliklari tomonidan 9 va 13 oktyabr kunlari Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobillar sotib olingan.

Jizzax viloyatining Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlari hokimliklari tomonidan 9 va 16 oktyabr kunlari 370 mln so‘mdan Trailblazer LTZ AT rusumli avtomobil xarid qilingan. Samarqand viloyatining Qo‘shrabot va Narpay tumani hokimliklari ham qatordan chetda qolmay, 7 fevral va 4 sentyabr kunlari 398 mln so‘mlik Trailblazer LTZ AT’ga murojaat qilishgan.

Qashqadaryo viloyatida viloyat hokimligi tomonidan 30 sentyabr kuni 349 mln so‘mga Equinox-AT, 21 oktyabr kuni 206 mln so‘mdan jami 620 mln so‘mga 3 dona Tracker xarid qilingan. Surxondaryo viloyatida viloyat hokimligi tomonidan 6 va 26 oktyabr kunlari 3ta Trailblazer LTZ AT avtomobili jami 1 mlrd 194 mln so‘mga; viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 23 sentyabr kuni 398 mln so‘mga Trailblazer LTZ AT va 380 mln so‘mga Isuzu D-MAX (IRBIS-AT) pikapi xarid qilingan. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 14 sentyabr kuni 398 mln so‘mga Trailblazer sotib olingan.

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining 9 oydagi ijrosi haqida hisobot bergan moliya vaziri Timur Ishmetov ham ushbu masalaga munosabat bildirgandi. Vazir o‘z nutqida pandemiya paytida mahalliy hokimliklarning qimmat avtomobillar xarid qilishiga tanqid nazari bilan qarashini ta'kidlagan.

Top