11:04 / 23.12.2020
8985
XMK vitse-prezidenti - O‘zbekiston iqtisodiyotini toza energiyaga o‘tkazish haqida

Xalqaro moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Jorjina Beyker Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya yechimlarini joriy etish masalasida so‘z yuritadi.

O‘zbekiston pandemiyadan keyingi dunyoga barqaror va zarbalarga bardoshli iqtisodiyot bilan kirish imkoniyatiga ega. Bu kelajakning kalitlaridan biri – toza energiyadir.

Elektr energiyasi taqchilligini bartaraf etish biznes samaradorligi va o‘sishni ta'minlash, ish o‘rinlari yaratish va qashshoqlikni kamaytirish uchun juda muhimdir. Markaziy Osiyodagi eng yirik energiya bozorlaridan biri sifatida, hozirda ishlab chiqarish quvvati 12,9 gigavatt bo‘lgan O‘zbekiston ushbu sektordagi muammolarni hal qilish va mamlakatning energiya xavfsizligini ta'minlash uchun juda yaxshi imkoniyatlarga ega.

So‘nggi 15 yil ichida O‘zbekistonning energiya sig‘imi taxminan 45 foizga kamaydi. Biroq mamlakat dunyodagi eng ko‘p energiya sarflaydigan mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda – bu raqam qo‘shni Qozog‘istondan 35 foiz va Germaniyadan uch baravar yuqoriroqni tashkil qiladi.

Yaxshi tomoni shundaki, O‘zbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyati, ya'ni gidroenergetika, quyosh va shamol energiyasi mamlakatning o‘sib borayotgan energiya ehtiyojlarini qondirishi va toza energiya iqtisodiyotiga o‘tishini ta'minlashi mumkin. Ammo, gidroenergetikadan tashqari, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish darajasi pastligicha qolmoqda. Buni o‘zgartirish talab etiladi.

Qayta tiklanadigan energiya mamlakatda ishlab chiqariladigan jami elektr energiyasining 85 foizini tashkil etuvchi tabiiy gazga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirishga yordam beradi.

Qayta tiklanadigan energetika sohasini rivojlantirish biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumatiga 2010 yil bilan solishtirganda 2030 yilga kelib yalpi ichki mahsulotning birligiga nisbatan atmosferaga chiqariladigan gaz miqdorini 10 foizga kamaytirish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishda yordam beradi.

COVID-19 sababli O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida tatbiq etilgan karantin choralarining ikki to‘lqini iqtisodiy faoliyatni sekinlashtirdi. Natijada YaIM o‘sishi 2020 yilning birinchi yarmida birinchi chorakdagi 4,1 foizdan 0,2 foizgacha pasayib ketdi. Infratuzilmadagi muammolarni bartaraf etish va qayta tiklanadigan energiya yechimlarini joriy etish xalqning barqarorligini oshirish, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun resurslarni bo‘shatish va iqtisodiyotni tiklashni rag‘batlantirish uchun juda muhimdir.

Hukumat allaqachon elektr energiyasini ishlab chiqarish tarkibini diversifikatsiya qilish ustida ishlamoqda va 2030 yilga qadar elektr energiyani ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan manbalar ulushini umumiy elektr energiyasining 25 foizigacha oshirishga e'tibor qaratgan.

Bunga erishish uchun islohotlar energiya va resurslarni tejashdagi uchta to‘siqni – normativ-huquqiy va institutsional, moliyaviy va texnik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi kerak. 2019 yil mart oyida hukumat uchta yo‘nalishli yondashuvni, ya'ni vertikal ravishda birlashtirilgan tizimni ajratish, tarif islohotini va energiya ishlab chiqarishga xususiy sektor sarmoyalarini jalb qilishni nazarda tutadigan ilg‘or va keng ko‘lamli islohotlar rejasini tashabbus qildi.

Jahon banki ko‘magida islohotlarning asosiy qadamlariga yangi Energetika vazirligini tashkil etish, vertikal-integrallashgan elektr energiyasi kompaniyasini («O‘zbekenergo») bo‘lish va DXShni rivojlantirish agentligini yaratish orqali qo‘yib bo‘lingan.

Sektorni investitsiyalar uchun ochishning asosiy odimi – vertikal ravishda birlashtirilgan davlat elektr ta'minoti korxonasini elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va uzatish uchun uchta alohida tashkilotga qayta tuzilishi bo‘ldi.

Ushbu islohotlar energiya tejaydigan uskunalar va texnologiyalardan foydalanish hamda sohaga xususiy sarmoyalar oqimini oshirishga yordam beradi.

Kelajakdagi istiqbollar

Kelajakda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun O‘zbekistonga muhim infratuzilma sarmoyalari talab etiladi. Qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun 14,7 milliard dollar kerak bo‘ladi. Buning uchun barcha mumkin bo‘lgan moliyalashtirish manbalarini va davlat va xususiy sektorning, shuningdek mahalliy va xalqaro tashkilotlar innovatsion biznes modellaridan foydalangan holda birgalikda ishlarni safarbar etish talab etiladi.

Moliyalashtirishdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun hukumat sarmoyadorlarni jalb etish maqsadida mustahkam huquqiy-normativ tuzilma va davlat-xususiy sheriklik (DXSh) faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

DXSh orqali xususiy sektorni jalb qilish hukumatga moliyalashtirish xavfini bo‘lishishga imkon beradi. DXSh loyihalari, shuningdek, O‘zbekistonga xususiy sektor tajribasi va samaradorligidan foydalanish, xususiy kapitalni jalb qilish va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish imkonini beradi.

Samarali DXSh loyihalari infratuzilma loyihalarini, shu jumladan uzoq muddatli aktivlar uchun katta miqdordagi doimiy xarajatlarni talab qiladigan energetika loyihalarini moliyalashtirishda ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. DXSh, shuningdek, asosiy xizmatlarni kengaytirishga yordam berishi va an'anaviy sektorni xususiy sektor ishtirokining turli shakllari bilan to‘ldirishi mumkin.

Jahon banki guruhi IFC konsultatsiya dasturi orqali O‘zbekistonning energetika sohasida birinchi raqobatdosh DXSh loyihasini amalga oshirishda yordam berdi. Loyiha Jahon banki guruhining hukumatlarga quyosh energiyasi bo‘yicha loyihalarni xususiy moliyalashtirish hisobiga raqobatbardosh narxlarda amalga oshirishni tezlashtirishga yordam beradigan «yagona oyna» bo‘lgan Scaling Solar tashabbusi doirasida amalga oshirildi.

2019 yil oktyabrda ushbu ochiq, oshkora va raqobatdosh DXSh tanlovi rivojlanayotgan bozorlarda quyosh energiyasining eng past tariflaridan biriga, ya'ni kilovatt soatiga 2,7 sent qiymatiga erishish imkonini berdi.

Loyiha O‘zbekistondagi elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvatiga 100 megavatt qo‘shadi. Loyiha tomonidan ishlab chiqarilgan energiya 31 mingdan ortiq xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun yetarli bo‘ladi.

Loyiha doirasida 110 million dollar xususiy mablag‘lar jalb qilindi, shuningdek, tarmoqqa 270 gigavatt/soat qo‘shimcha qayta tiklanadigan elektr energiyasi uzatiladi va bu yiliga 156,000 metrik tonna issiqxona gazlari chiqarilishining qisqarishiga olib keladi.

Elektr energiyasi mamlakatning barqarorligini yaxshilashda, muhim infratuzilma inshootlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini ta'minlashda va uy hamda korxonalarni kerakli elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.

Navoiy viloyatidagi yangi quyosh elektrostansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi 25 yil davomida yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy elektr tarmog‘i nomli davlat energetika korxonasiga sotiladi. Birinchi tender muvaffaqiyatli o‘tganidan ruhlanib, 2020 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qo‘shimcha DXSh loyihasi uchun yana bir tanlov e'lon qildi.

Bu o‘z vaqtida amalga oshmoqda, chunki O‘zbekiston 2030 yilgacha 5 gigavattgacha quyosh energiyasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Hukumat toza energiyadan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun energiya tejaydigan batareyalar kabi yangi texnologiyalarni ham o‘rganmoqda. Bu toza energiya manbalaridan foydalanish hamda xususiy va tijorat mablag‘larini jalb qilish orqali mamlakatning energiya balansini diversifikatsiya qiladi.

Ushbu loyiha shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonning toza energiyaga o‘tishi, xususan, davlat va xususiy manfaatlarni muvozanatlashtirgan holda, DXSh orqali qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirish orqali amalga oshiriladi. Va bu O‘zbekiston kam uglerodli va resurslardan tejamli iqtisodiyotga birinchi qadam qo‘yganining umidli belgisidir.

Jorjina Beyker,
Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) vitse-prezidenti,
Jahon banki guruhi a'zosi.

Top