21:27 / 24.12.2020
5028
«OAV va blogerlar takliflari inobatga olindi» - huquqshunos internetdagi kommentlarga oid yangi tartib haqida

«Mushtariylar tomonidan qoldirilgan komment uchun OAV va blogerlar javobgar bo‘ladi, degan qoida yo‘q», deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

O‘zbekistonda OAV va blogerlar internetdagi chiqishlari ostida qoldirilgan qonunga zid izohlarni xabarnoma olgach o‘chirishlari lozim.

Ushbu tartib 23 dekabrdagi hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning qayd etishicha, ushbu qaror OAV va blogerlarning takliflarini inobatga olgan holda qabul qilingan.

«Qarorda nimalar nazarda tutilmoqda?

Eng avvalo, mushtariylar tomonidan qoldirilgan komment uchun OAV va blogerlar javobgar bo‘ladi, degan qoida yo‘q. Gap faqat O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuborish haqida ketmoqda.

Xabarnoma yuborish tartibi qanday bo‘ladi?

  • Aytaylik, qaysidir OAV yoki blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga kimdir qonunga zid kommentariy (terrorizm, diniy yoki milliy adovat, jinoyatchilikka da'vat, haqorat va shu kabilarga oid) qoldirdi.
  • Agar kommentlar juda ko‘p bo‘lsa, buni OAV yoki bloger doimiy nazorat qila olmaydi. Shu sababli ko‘rmay qolgan kommenti uchun javob bermaydi. Bu mantiqan ham to‘g‘ri.
  • Bunday kommentni AOKAning Monitoring markazi aniqlasa, unda OAV yoki blogerga elektron ravishda skrinshotlari bilan xabarnoma yuboradi.
  • Unda OAV yoki blogerdan xabarnomani olgandan keyin (izoh qoldirilgandan keyin emas) 24 soat ichida o‘sha kommentni o‘chirish so‘raladi.
  • OAV yoki bloger o‘sha kommentni o‘chiradi.

Ammo bir muhim joyi, mazkur xabarnoma OAV yoki blogerga albatta o‘sha kommentni o‘chirish majburiyatini yuklamaydi. Bu o‘z nomi bilan xabarnoma xolos. Ya'ni xohlasa o‘chiradi. Bu komment qonunga zid emas, deb hisoblasa, o‘chirmasligi ham mumkin. Unda nima bo‘ladi? Unda AOKA agar lozim topsa, sudga murojaat qilishi mumkin.

Ko‘rib turganingizdek, o‘chirish majburiyatini faqat sud belgilay oladi. Boshqa organlar emas. Huquqiy davlatlarda faqat sud oxirgi so‘zni aytishi kerak va bu qoida mazkur qarorda ham aks etgani quvonarli», – deb yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Blogerning qo‘shimcha qilishicha, o‘zini hurmat qilgan OAV yoki blogerlar shundoq ham qonunga zid materiallarni, izohlarni e'lon qilish mumkin emasligini yaxshi bilishadi va buni ko‘rgan zahoti hech bir xabarnomasiz ham o‘chirishadi.

Chunki so‘z erkinligi – bu qonun doirasida istalgan fikrni ayta olish degani, qonunni va o‘zgalar huquqlarini buzgan holda aytilgan so‘zlar, erkinlik bo‘lmasa kerak, deydi u.

Top