22:00 / 03.01.2021
33760
Asr suiqasdi. Bir yil oldin Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandi

2020 yil butun dunyo uchun juda yomon boshlangandi. Birinchidan, koronavirus nomli balo Xitoyda tarqala boshlagani e'lon qilingan bo‘lsa, 3 yanvar kuni yana bir dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Aynan shu kuni AQSh harbiylari eronlik general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishgandi. Bu voqea nafaqat Yaqin Sharq uchun, balki butun dunyo uchun xatarli edi, chunki ikki yirik davlatning urushi dunyoning oyog‘ini osmondan qilib yuborgan bo‘lardi.

Foto: Reuters

Qosim Sulaymoniy kim edi?

1979 yil Eronning bugungi hayot tarziga asos o‘laroq islom inqilobi sodir bo‘ladi. Da'voga ko‘ra, hukumat imperialistlar bilan hamkorlik qilib, jamiyatni fahsh va uyatsizlikka botirayotganiga ortiq chiday olmagan eronliklar inqilob qilishadi. Natijada Eron o‘z nomiga ko‘ra islom davlatiga aylanadi.

Inqilob amalga oshgach, Eronda inqilob muhofizlari korpusi atalmish chek-chegarasiz vakolatga ega qo‘shin tuziladi. Bu korpusning birlamchi vazifasi inqilob orqali shakllangan hukumatni himoya qilish edi. Keyin bu qo‘shinning vakolati shunchalik kengaydiki, 84 million kishi yashaydigan Eronda ko‘ngillilarni ham inobatga olganda, inqilob muhofizlari korpusi zobitlari soni 10 milliondan oshib ketdi. Ana shu qo‘shinning «Al Quds» nomli maxsus bo‘linmasi bor. Qosim Sulaymoniy o‘sha bo‘linma qo‘mondoni edi.

«Al Quds» qilgan ishlar haqida afsonalar juda ko‘p va ular haqida yuzlab filmlar ishlash mumkin. Darvoqe, Qosim Sulaymoniy obrazi bir necha filmlarda ham keltirilgan, jumladan, Isroil filmlarida ham. Qosim Sulaymoniy Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sifatida e'tirof etilardi. Prezident Hasan Ruhoniyga hurmatni saqlagan holda aytish mumkinki, Qosim Sulaymoniyga bo‘lgan munosabat bu faktni isbotlaydi.

Bir necha kundan buyon Eron telekanallarida generalni eslab juda ko‘p ko‘rsatuvlar berilmoqda. Ularni ko‘rib shunday xulosa kilish mumkin: Eron xalqi Qosim Sulaymoniyni ongli ravishda yaxshi ko‘rgan. Chunki uni faqat harbiy sifatida emas, ma'naviy yetakchi sifatida ham bilishardi. Sulaymoniy halok bo‘lganida xalq ko‘chalarga chiqib AQShdan qasos olish kerakligi haqida baqirayotganda Tramp aslida eronliklar xursand ekanini, ko‘chalardagi bir guruh odamlar eronlik siyosatchilar tomonidan boshqarilayotganini aytgandi. Biroq o‘shanda Tramp aytganidek bir guruh odam emas, butun boshli mamlakat AQShni la'natlab ko‘chalarga chiqqandi. Chunki eronliklarning ham hayotda o‘zlari ishonadigan da'volari bor va Amerikani yomon ko‘rishlari uchun ularni boshqarish shart emas.

Foto: EPA/Vostock-photo

Xullas, Qosim Sulaymoniy mana shunday mashhur, nafaqat Eron xalqi orasida, balki butun dunyodagi shialar orasida obro‘si baland odam edi. U o‘ldirilgach, hatto Kashmirdagi shialar ham namoyishga chiqib, qasos talab qilishdi.

General nega o‘ldirilgandi?

AQSh prezidentlarining tarixga kirish uchun qiladigan harakatlari doim ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Ayniqsa Tramp tarixga kirish uchun haddan tashqari ko‘p harakat qilib yubordi. IShID yetakchisi Abubakr Bag‘dodiyning o‘ldirilishi xuddi Obama davridagi Usama bin Lodinning o‘ldirilishiga o‘xshab ketdi va bu uchun Trampni olqishlashdi. Chunki Bag‘dodiy butun dunyoda  birinchi raqamli terrorchi sifatida tan olingandi.

Trampning Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish uchun buyruq bergani esa hatto amerikalik siyosatchilar uchun ham kutilmagan qaror bo‘ldi. Tramp Kongressni ogohlantirmay butun boshli Erondek davlatning asosiy harbiy qo‘mondonini o‘ldirishga topshiriq berdi. To‘g‘ri, u prezident sifatida mamlakat harbiylariga to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq berishga haqli, biroq o‘ldirilgan odam AQShga dushman deb qaralsa ham Eronning rasman harbiy qo‘mondoni edi. Bunday lavozimdagi odamning o‘ldirilishi esa ochiqchasiga Eronga urush ochishdir.

Tramp o‘z qarorini izohlar ekan, Sulaymoniy AQShning asosiy dushmanlaridan biri bo‘lganini aytdi. Lekin uni amerikaliklarning ko‘pchiligi tanimasdi ham. Sulaymoniy o‘ldirilgach, Erondagi namoyishchilarning vajohatini ko‘rib amerikaliklar cho‘chib ketishdi. Katta siyosatchilar hatto Erondan uzr so‘rashdi, Amerika ko‘chalarida «Eron, bizni o‘ldirma» degan banner ko‘targan odamlar ishtirokida namoyishlar o‘tkazildi. Amerika har qancha harbiy derjava bo‘lmasin, amerikaliklar o‘zlarini eronliklar bilan jang maydonida yakkama-yakka tasavvur qila olishmasdi.

Xullas, katta ehtimol bilan Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi AQShning harbiy qarori emas, aksincha Trampning shaxsiy qarori bo‘lgan. Yuqorida aytilganidek, tarixda qolish hissi Trampni mana shunday keskin qaror qabul qilishga undagani haqiqatga yaqin. Chunki bu qotillikdan Amerika hech nima yutmadi. Masalan, bin Lodin yoki Bag‘dodiyning o‘ldirilishi Amerikaning qandaydir missiyasiga mantiqiy yakun o‘laroq sodir bo‘lgandi. Sulaymoniy esa go‘yoki Tramp keyinchalik katta davralarda men mana shunday qilganman, deyishi uchun amalga oshirilgandek...

Keyin nima bo‘ldi? Nega urush bo‘lmadi?

Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach, ko‘pchilik Eron va AQSh o‘rtasida urush boshlanishi haqida gapira boshladi. Lekin bunaqasi faqat kinolarda bo‘lishi mumkin. Zero, bugungi kunda Amerika bilan urush olib borish imkonsiz narsa. Bu o‘z joniga qasd qilish bilan teng. Shu sabab urush bo‘lmadi, to‘g‘rirog‘i, bo‘lmasligi aniq edi. Biroq Eron baribir javob qaytardi. Agar Iroqdagi hech kim yo‘q harbiy bazaga raketa zarbasi berishni javob deb atash mumkin bo‘lsa. Eron zarbasidan avval Iroqdagi amerikalik askarlar ogohlantirilgan va ular zarbadan avval bunkerlarga kirib ulgurgandi. AQSh bu zarbalarni Eronning qasosi deb qabul qildi va ularga javob bermadi. Shunchaki Eronning qaysi nuqtalariga raketalar to‘g‘rilab qo‘yilganini sanab o‘tdi. Shu bilan Eron tomondan bir-ikki tahdidli chiqishlar bo‘ldi-da, hammasi tinchib ketdi.

Bayden nima degandi?

AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden genaral Sulaymoniy o‘ldirilgan vaqtda hali prezidentlikka nomzod edi va u Trampning ishini keskin qoralab, Tramp ma'muriyati bu qotillik keltirib chiqaradigan oqibatlarni bartaraf etishga qodir emasligini aytgandi.

«Hech bir amerikalik Sulaymoniyning o‘limi uchun aza tutmaydi. U ko‘plab amerikalik askarlar va mintaqadagi odamlarga qilgan zulmi, terrorni qo‘llab-quvvatlagani uchun bunga loyiq edi. Prezident ma'muriyati bu ish Eronni tiyib qo‘yish uchun qilinganini aytmoqda, ammo bu operatsiya teskari effekt berishi ehtimoli yuqori. Prezident Tramp hozir cho‘g‘ning ichiga dinamit tashladi. Bu ishlar Yaqin Sharqdagi muvozanatga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Umid qilaman, prezident ma'muriyati bu ish olib keladigan oqibatlar va ularni bartaraf etishni ham o‘ylagan, ammo uzoq vaqt hech qanday intizomga rioya qilmagan ma'muriyat bunga qodir emas deb qo‘rqaman», degandi Bayden.

Bayden prezidentlikka saylansa, Eronga qarshi sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqishi, yadro kelishuviga qaytishi haqida gapirgandi. Shu sabab eronliklar Bayden saylanganini yaxshi kutib olishdi. To‘g‘ri, Bayden ham klassik amerikalik siyosatchi sifatida Erondan nafratlanishini yashirmaydi, biroq nima qilishini taxmin qilib bo‘lmaydigan tadbirkor-prezidentdan, og‘ir-bosiq siyosatchi-prezident yaxshiroq har holda.

Qasos haqida multfilm

Eronda Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishining bir yilligi munosabati bilan ko‘plab aksiyalar, marosim va tadbirlar o‘tkazildi. Mamlakat televideniyesi kuni bilan Sulaymoniyni xotirlab ko‘rsatuvlar efirga uzatmoqda. Eronlik ijodkorlar ham jim turishmadi. Yaqinda Eron Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun AQShdan qasos olgani tasvirlangan multfilm chiqdi. Unda eronlik askarlar AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazasiga bostirib kiradi. Barcha amerikalik askarlar raketa zarbalari va burgutga aylangan inqilob muhofizlari zobitlari tomonidan o‘ldirilgach, Qosim Sulaymoniyni o‘ldirishda foydalanilgan dronni boshqargan askar aniqlanadi. Burgutga aylangan eronlik zobitlardan biri o‘sha dronni boshqargan askarning jasadini Vashingtonga olib borib, Oq uyda nutq so‘zlayotgan Trampning oyog‘i ostiga tashlaydi. Aftidan, multfilm ijodkorlari Tramp saylovda yutqazishini inobatga olishmagan.

Asr suiqasdi

XXI asr voqealarga juda boy bo‘ldi. Har yili dunyo siyosatida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ortda qolgan 20 yil davomida juda ko‘p suiqasdlar, qotilliklar, qatllar amalga oshirildi. Masalan, 2006 yil 30 dekabr kuni Saddam Husaynning osilishi asr qatli sifatida e'tirof etiladi. 2012 yil Usama bin Lodinning yo‘q qilinishi asr likvidatsiyasi nomiga munosib. 2001 yil Nyu-Yorkda asr terakti, Qorabog‘da esa yangi asrning eng yirik urushi sodir bo‘ldi. Bu voqealar orasida Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga asr suiqasdi deb nom berish mumkin. Asrimizda ko‘p suiqasdlar bo‘ldi, lekin kim tomonidan qilingani, nima uchun qilingani aniq bo‘lgan eng shov-shuvli suiqasd shu bo‘ldi. Bu voqeani hali ko‘p eslashadi. Nima bo‘lganda ham bunday suiqasdlar bo‘lmasin, chunki Eron va AQSh o‘rtasidagi muammo nafaqat Yaqin Sharqdagi, balki butun dunyodagi muvozanatga salbiy ta'sir qiladi...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Top