Bugun oxirgi kunlarning eng shov-shuvli intervyusi haqida gaplashamiz. Yo‘q, bu suhbatda noodatiy hech qanday sir ochilmadi, hech kim bilmaydigan boshqa gap ham aytilgani yo‘q. Shunchaki intervyu uyushtirilganining o‘zi shov-shuvli bo‘ldi. Amerikalik teleboshlovchi Taker Karlson Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyondan intervyu oldi. Tabiiyki Karlson Eronga bormadi, Pizishkiyon ham AQShga borgani yo‘q. Intervyu onlayn uyushtirildi. Videoda shu haqda.

«Bu Netanyahuning uydirmasi»

Karlson Eron prezidentidan mamlakat yadro dasturidan voz kechishga tayyormi deb so‘radi. Pizishkiyon esa Eronda hech qachon yadro quroli ishlab chiqarish istagi bo‘lmagani, uranni boyitish haqida gap Binyamin Netanyahu o‘ylab topgan uydirma ekanini aytdi.

«Netanyahu 1984 yildan buyon Eron yadro quroli yasashga kirishdi deb Amerika prezidentlarini ishontirib keladi. Lekin biz hech qachon yadro quroli yasashga harakat qilmaganmiz. Chunki bu xato. Eron oliy lideri Ali Xominaiyning buni taqiqlovchi fatvosi ham bor. Atom energetikasi xalqaro agentligi uzoq yillar buni nazorat qilib kelishdi. Lekin oxirgi vaqtlarda bo‘lgan ishlar sabab biz kelishuvni to‘xtatdik», dedi Eron prezidenti.

«Siz Atom energetikasi xalqaro agentligi bilan hamkorlikni to‘xtatgach, dunyo siz uranni boyitmayotganingizga qanday ishonishi, buni qanday tekshirish mumkin?» deb so‘radi Karlson haqli tarzda.
Pizishkiyon bu savolga ochiq javob bermay, Eron bu borada AQSh bilan muzokara o‘tkazayotgan vaqtda Isroil hujum qilib qolganini aytdi. Shuningdek, AQSh hujumi sabab Erondagi yadro texnologiyalari zarar ko‘rgani, ularga yetib borish imkonsizligi sabab xalqaro tekshiruv imkonsiz ekanini aytdi.

«AEXA josusmidi?»

Intervyu davomida Taker Karlson bergan eng o‘rinli savol ham atom energetikasi xalqaro agentligi haqida bo‘ldi. Isroil va AQSh hujumi fonida Eron bu tashkilot bilan hamkorlikni to‘xtatishini e’lon qilgandi. Ma’lumot uchun, dunyodagi barcha uran qayta ishlanadigan, AESlar bor davlatda Atom enetgetikasi xalqaro agentligi inspektorlari bo‘lishi shart. Ular avvalo yadroviy xavfsizlikni ta’minlaydi, shuningdek, davlatlar uranni boyitib undan yadroviy qurol yasash uchun foydalanmasligi uchun tekshiruv olib boradi.

«Janob prezident, Atom energetikasi xalqaro agentligi josuslik qilib Erondagi obektlar haqida Isroilga ma’lumot berib borgani haqida xabarlarga qanday qaraysiz?» deb so‘radi Karlson.