12:07 / 03.01.2021
17646
Ebola virusini aniqlagan olim yangi xavfli kasallikdan ogohlantirdi
Foto: Reuters

1976 yilda Ebola virusini birinchi bo‘lib aniqlagan kongolik olim, mikrobiolog Jan-Jak Muyembe-Tamfum Kongo Demokratik Respublikasida yangi xavfli kasallik paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ta'kidlanishicha, mahalliy ayollardan birida tibbiyotga ma'lum bo‘lmagan yangi kasallik belgilari aniqlangan.

CNN telekanalining xabar berishicha, mamlakat g‘arbida joylashgan Ingende shahridagi bir ayolda gemorragik isitma belgilari qayd qilingan. Ayoldan tahlil olinib, Kinshasadagi biotibbiy tadqiqotlar milliy institutiga jo‘natilganda, unda Ebola virusi yoki tibbiyotga ma'lum bo‘lgan birorta kasallik belgilari aniqlanmagan. 

Olimning fikricha, ayol avval qayd qilinmagan yangi kasallikka chalingan ilk bemor bo‘lishi mumkin. Mutaxassis bu kasallikni shartli ravishda “X kasallik” deb atagan. Uning baholashicha, yangi kasallik koronavirus kabi yuqumli bo‘lishi, undan o‘lim darajasi esa Ebola virusidagidan 50-90 foizni tashkil qilishi mumkin. Ebola virusidan o‘rtacha 50 foiz kasallar vafot etgan.

Hozirda bemor ayol izolyatsiya qilingan, unga yaqinlari bilan faqat plastik oyna orqali muloqot qilishga ruxsat berilgan. Ayolning shaxsi uning yaqinlariga mahalliy aholi tomonidan zarar yetkazilishi mumkinligi sababli sir saqlanmoqda.

“X kasallik” taxmin bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, JSSTda yangi epidemiya yuz berishi mumkinligidan jiddiy xavotirga tushishgan.

Muyembe-Tamfum avvalroq ham kelajakda insoniyat hayvonlardan insonlarga o‘tuvchi yangi yuqumli kasalliklarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Olimning ta'kidlashicha, ushbu kasalliklar koronavirusdan xavfliroq pandemiyalarga olib kelishi mumkin.

Top