23:19 / 07.01.2021
9167
Kollej va texnikumlarda kontrakt to‘lashning oxirgi kuni 20 yanvar deb belgilandi
Foto: O‘zA

20 yanvar, chorshanba – kollej va texnikumlarga kontrakt asosida o‘qishga kirgan o‘quvchilarga to‘lovning kamida 50 foizini to‘lash uchun oxirgi kun etib belgilandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020/21 o‘quv yili – O‘zbekistonda yangicha tizimdagi o‘rta maxsus ta'limning ilk yili sanaladi.

Jami 201 ta kollej va 185 ta texnikumga kirish imtihonlari 20–30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Imtihon natijalari 17 dekabr kuni e'lon qilindi.

Bu yil kollej va texnikumlarga umumiy 154 765 o‘quvchini qabul qilish rejalashtirilgan. Shulardan 86 foizi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

Oktyabr oyida kontrakt miqdori ta'lim yo‘nalishiga qarab yiliga 3,9 – 4,2 million so‘m bo‘lishi e'lon qilingan. Bu summa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan. Bu miqdor 1 fevraldan boshlab 10 foizga oshadi, shunga muvofiq kontrakt summasi oshish-oshmasligi esa noma'lum.

Avvalroq OTMlar talabalari uchun kontrakt to‘lovlari oshirilmasligi rasman tasdiqlangan edi.

Top