22:04 / 08.01.2021
15554
Londonda favqulodda holat e'lon qilindi. Shaharning har o‘ttizinchi fuqarosi koronavirus yuqtirgan

London hokimi Sodiq Xon qirollik poytaxtida favqulodda holat e'lon qildi. Bu haqda shahar ma'muriyati rasmiy saytida e'lon qilingan.

«Londonda ahvol juda yomon, koronavirus nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada tarqalib ketdi. Shu tarzda tarqalishda davom etsa, yaqin ikki haftada kasalxonalarda joy qolmaydi. Virus shahrimizda inqiroz holatini keltirib chiqardi. Hozir har o‘ttizinchi londonlik koronavirus yuqtirgan. Tezda chora ko‘rmasak, sog‘liqni saqlash tizimimiz bosimni ko‘tara olmay, ko‘p odam halok bo‘ladi», degan Sodiq Xon.

30 dekabrdan 6 yanvargacha Londonda koronavirus yuqtirganlar soni 27 foizga ortib, [5 524 nafardan] 7 034 nafarga yetgan. Sun'iy nafas olish apparatiga ulangan bemorlar soni 42 foizga ko‘paygan. Oxirgi uch kunda Londonda 477 kishi koronavirus sabab vafot etdi.

Ayni damda London kasalxonalarida 7 034 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Pandemiyaning eng yuqori nuqtasi bo‘lgan 2020 yil aprelida ham kasalxonalarda bundan 35 foiz kamroq bemor bo‘lgan. Londonda har kuni 8 mingdan ortiq odam tez yordamga murojaat qilmoqda. Taqqoslash uchun poytaxtdagi tez yordam xizmatlari odatda juda band bo‘lgan kunlarda 5,5 mingtagacha murojaatlarni qayd etgan.

London shahar administratsiyasi saytida yozilishicha, favqulodda holat yaqin o‘rtada 2017 yil Grinfil minorasidagi yong‘in sabab, shuningdek, 2016 yil Westminster Bridge va London Bridge'dagi terraktlar sabab e'lon qilingan.

Top