15:12 / 12.12.2023
3905

Londonda sanksiyalar bajarilishini nazorat qiluvchi idora tashkil etildi

Savdo sanksiyalarini chetlab o‘tish ustidan nazoratni kuchaytirish uchun organ tashkil etilishi qonunbuzarlarga «yashirinadigan joy yo‘qligi» to‘g‘risida aniq signaldir, deya ma’lum qildi London.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya savdo sanksiyalari, jumladan, Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda. Shu maqsadda maxsus agentlik - Savdo sanksiyalarini qo‘llash boshqarmasi (OTSI) tashkil etildi. U, 11 dekabr, dushanba kuni Britaniya hukumati e’lon qilganidek, Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan jazolarni chetlab o‘tishga urinayotgan firmalarga qarshi kurashadi va kompaniyalarga ushbu sanksiyalarga rioya qilishda yordam beradi.

Bundan tashqari, yangi idora Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan jazolarni chetlab o‘tishga bo‘lgan urinishlarni tekshiradi, jarimalar to‘g‘risida qaror qabul qiladi va agar kerak bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortish uchun ishlarni Soliq va bojxona xizmati (HMRC)ga yuboradi, deyiladi ma’lumotda. OTSI Rossiyaga uchinchi davlatlar orqali taqiqlangan mahsulotlarni yetkazib beruvchi kompaniyalar faoliyatini tekshirish uchun javobgar bo‘ladi. Endilikda kompaniyalar sanksiyalardan qochgani uchun qattiqroq jazoga tortiladi, deya ogohlantirdi London.

London: yangi idora - «yashirinadigan joy yo‘qligi bo‘yicha aniq signal»

«Biz jangovar mashinani to‘xtatish majburiyatini ortga surmaymiz. Bu sanksiyalardan bo‘yin tovlaganlarning ortidan borish va noqonuniy harakatlarni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan texnologiya va daromaddan mahrum qilish demakdir», - dedi Britaniya sanoat va iqtisodiy xavfsizlik vaziri Nusrat G‘ani. Uning aytishicha, savdo sanksiyalari idorasini yaratish qarori «sanksiyalarni buzganlarga yashirinadigan joy yo‘qligi haqida aniq signal» beradi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ishlamoqda va Buyuk Britaniyaning Rossiya bilan savdosi tarixiy eng past darajaga tushib ketgan. London bayonotida, shuningdek, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyingi bir yil ichida (2022 yilning martidan 2023 yilning fevraligacha) Rossiyadan Buyuk Britaniyaga tovarlar importi avvalgi shu davrga nisbatan 94 foizga kamaygani aytiladi.

Vazir: xalqaro sanksiyalarsiz Rossiya yana 4 yillik urush uchun pulga ega bo‘lardi

O‘z navbatida, Birlashgan Qirollik tashqi savdo vaziri Enn-Mari Trevelyan yangi idora tashkil etilishi Britaniyaning sanksiyalar tizimini yanada mustahkamlashiga va unga «global qoidalarga e’tibor bermayotganlarga savdo sanksiyalari ta’sirini maksimal darajada oshirish» imkonini berishiga ishonch bildirdi. «Bizning hisobimizcha, xalqaro sanksiyalarsiz Rossiya urushni moliyalashtirish uchun 400 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ga ega bo‘lardi, bu esa yana to‘rt yil davomida uni moliyalashtirish uchun yetarli edi», dedi u.

OTSI yangi bo‘limi mavjud Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash idorasiga (OFSI) qo‘shimcha sifatida tuzilmoqda va 2024 yil boshida o‘z ishini boshlaydi.

Mavzuga oid
Top