12:50 / 08.01.2021
10747
Tramp muddatidan oldin prezidentlikdan chetlatilishi mumkinmi? 25-tuzatish qanday ishlaydi?

6 yanvar kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Trampning minglab tarafdorlariga murojaatidan so‘ng Kongressda sodir bo‘lgan voqealar prezidentni lavozimidan chetlatish va unga nisbatan ayblov e'lon qilish haqidagi yana bir muhokamani kun tartibiga olib chiqdi.

Tramp tarafdorlarining Kongressga hujumidan so‘ng, ayrim senatorlar uni 20 yanvardan avval prezidentlik lavozimidan bo‘shatishni talab qila boshlashdi. Tramp 20 yanvarda lavozimni AQShning 46-prezidenti etib saylangan Jo Baydenga topshirishi kerak.

OAVda Amerika hukumati Trampni lavozimdan chetlatish masalasini muhokama qilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan.

Tramp ikki yo‘l bilan lavozimdan chetlatilishi mumkin. Ulardan birinchisi – AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishga muvofiq, Trampni lavozimdan chetlatish, ikkinchisi bunga impichment yo‘li bilan erishish.

Agar ikki senariydan biri ro‘y bersa, Bayden ish boshlagunga qadar vitse-prezident Mayk Pens prezidentlikni o‘z zimmasiga olishi lozim.

Trampni iste'foga chiqarish ishlari boshlab yuborilgan. Ko‘plab demokratlar Amerika Konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishni qo‘llash istagida.

Bu tuzatish prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda hukumat va Kongressga vaziyatga aralashish vakolatini beradi.

25-tuzatish. Unda nima yozilgan?
AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan XXV tuzatish keng ma'noda hokimiyatni o‘tkazish qoidalarini tartibga soladi va prezidentning lavozimga layoqatsizlik holatlarini belgilaydi. Agar davlat rahbari turli sabablar bilan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajara olmaydigan bo‘lsa, 1967 yildagi tuzatish qo‘llanadi.

Prezident mamlakatni boshqara olmasa yoki boshqarishni istamay qolsa, u bu haqda parlamentga (Kongress) ma'lum qilishi kerak bo‘ladi. Bu imkoniyatdan odatda davlat rahbari narkoz bilan jarrohlik amaliyotiga yotishiga to‘g‘ri kelgan hollarda foydalaniladi. Prezident hushida bo‘lmaganida, vitse-prezident uning o‘rniga siyosiy rahbariyatga rahbarlik qiladi. Prezident o‘ziga kelgach, u yana Kongressga xabar berishi va lavozimga qaytishi mumkin.

Prezidentni yana kim (o‘zidan tashqari) vazifalarini bajarishga layoqatsiz deb topishi mumkin?
25-tuzatishning to‘rtinchi qismida agar prezident mamlakatni xolisona boshqara olmaydigan bo‘lsa, shu bilan birga vakolatlarini topshirishni istamasa, hokimiyat almashinuvi qanday kechishi belgilangan.

Hozirgi holatda impichment ko‘p vaqt olishi tufayli Trampni tezroq chetlatish uchun vazirlar aynan shu normadan foydalanishlari mumkin.

Muammo shundaki, AQSh tarixida to‘rtinchi qism qo‘llangan holat hali kuzatilmagan.

Bu qismda yozilishi bo‘yicha, vitse-prezident va yuqori martabali amaldorlar (hozirgi holatda, departamentlar rahbarlari, ya'ni vazirlar) ko‘pchilik ovoz bilan Trampni prezidentlik kursisiga nomunosib deb topishlari kerak. Vakillar palatasi spikeri va Senatning vaqtinchalik raisi vitse-prezident va vazirlarning bayonotini qabul qiladi, shundan keyin Mayk Pens Bayden qasamyod qabul qilgunicha (u 6 yanvar kuni Kongressdagi chiqishida Trampning harakatlarini qoraladi va Baydenning g‘alabasini tan oldi) vaqtinchalik AQSh prezidentiga aylanadi.

Tramp shundan keyin ham Kongressga hali ham davlatni boshqara olishi to‘g‘risida xabarnoma yo‘llashi mumkin. Pens va hukumatda Trampning bayonoti bo‘yicha parlament orqali bahslashish uchun to‘rt kun vaqt bo‘ladi. Agar amaldorlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelsa, ikki palata 48 soat mobaynida yig‘ilib, AQShni 20 yanvarga qadar kim boshqarishi to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, Konstitutsiyada belgilangan barcha protseduralar bajarilgan taqdirda tomonlardan biri Oval kabinetni faqat bir necha kunga band etadi.

Agar prezident ham, vitse-prezident ham lavozimga noloyiq deb topilsa nima bo‘ladi?
Amerika davlatchiligidagi «uchinchi shaxs» — Kongressdagi ikki palata raislari, aynan ular prezident va vitse-prezident kasal bo‘lgan yoki vafot etgan taqdirda AQShni boshqarishi belgilangan. Vakillar palatasi raisi Nensi Pelosi va Senatning vaqtinchalik prezidenti Chak Grassli voqealarning bunday rivojini nomaqbul deb hisoblaydi — ikki siyosatchi ham bir necha kun prezident funksiyalarini bajarish uchun parlamentdagi lavozimlarini bo‘sh qoldirishlariga to‘g‘ri keladi.

Hokimiyatni o‘tkazish uchun nega buncha shartlar kerak?
1960-yillardagi tuzatishga qadar bunday vaziyatlarda yozilmagan qoidalar bo‘yicha ish tutishgan. AQShning 9-prezidenti Uilyam Harrison lavozimda bir oygina o‘tirgan va 1841 yilda vafot etgan. O‘shanda vitse-prezident Jon Tayler davlat rahbari funksiyalarini o‘ziga olgan, ammo o‘shanda u endi kimligi — vazifa bajaruvchimi yoki to‘laqonli prezidentmi, bunisi aniqmasdi. Tayler inauguratsiya qilish shart emas deb hisoblagan, chunki u yaqinda vitse-prezident sifatida qasamyod qabul qilib bo‘lgandi, shu bilan birgalikda hujjatlarni prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida imzolashni istamagan. Yakunda vitse-prezident baribir prezidentlik qasamyodini qabul qilib, bu orqali pretsedent yaratgan.

1950-yillarda Duayt Eyzenxauer Richard Nikson bilan ikki tomonlama kelishuv orqali vakolatlarini vaqtinchaga vitse-prezidentga o‘tkazish tartibini mustahkamlashga harakat qiladi. Sog‘ligidagi muammolar Eyzenxauerga ishlashga imkon bermaganida Nikson chindan ham prezidentning alohida funksiyalarini o‘ziga oladi, ammo o‘zini davlat rahbari deb atamaydi.

1963 yilda, Jon Kennedi o‘ldirilganida hokimiyatni vitse-prezident Lindon Jonsonga o‘tkazish jarayonida, mamlakat rahbariyati Konstitutsiyaga davlat rahbari lavozimni bajara olmaydigan holatlarda hokimiyatni o‘tkazishning turli ssenariylari ko‘zda tutilgan tuzatishlarni kiritishga qaror qiladi. Kennedi bilan bo‘lgan fojia va sovuq urush davridagi xavflar Jonsonni 1965 yilda 25-tuzatishni kiritish jarayonini tezlashtirishga undaydi.

Tuzatish olti marta qo‘llangan, ammo Tramp hatto kasal vaqtida ham vakolatlarini topshirmagan
XX asrda 25-tuzatish ikki vitse-prezidentni tayinlashga, vitse-prezident Jyerald Fordga Richard Nikson bilan bog‘liq Uotergeyt mojarosidan keyin prezident sifatida mamlakatni boshqarishga imkon bergan. Katta Jorj Bush ham 1980-yillarda prezident Ronald Reyganning sog‘ligida muammo yuzaga kelganida uning vazifalarini bajarib turgan.

Bushning o‘g‘li bilan ham shunday holat kuzatilgan, kichik Jorj Bush 2000-yillarda narkoz ostida kolonoskopiya jarayonini boshdan kechirganida o‘z vakolatlarini vitse-prezident Dik Cheyniga o‘tkazib turgandi.

Donald Tramp esa 2020 yil oktyabrida koronavirusga chalinganida parlamentga vazifasini vaqtincha bajara olmasligi haqida xabarnoma yuborishni istamadi

Shundan keyin Nensi Pelosi Kongress 25-tuzatish asosida prezident vakolatlarini vitse-prezidentga o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishini ma'lum qilgandi, ammo bu loyiha hamon ko‘rib chiqilgani yo‘q.

Impichmentchi?
Trampni impichment orqali iste'foga chiqarish uchun Kongressning ikki palatasi – Vakillar palatasi va senatning uchdan ikki qismining ovozi zarur.

25-tuzatish Trampni lavozimidan chetlatish uchun mos usul bo‘lib, u orqali impichmentga qaraganda tezroq natijaga erishish mumkin.

Xuddi jinoiy ishlarda bo‘lgani kabi, Vakillar palatasi prezidentni ham «og‘ir jinoyatlar»da ayblashi mumkin.

Donald Tramp avval ham bir marta shu tarzda ayblangan, ammo senatda ko‘pchilikni tashkil etgan respublikachilar Trampning lavozimidan bo‘shatilishiga to‘sqinlik qilishgandi. Biroq bu Trampning yana bir bor ayblanmasligini anglatmaydi.

Trampni lavozimdan chetlatish uchun 435 kongressmendan iborat Vakillar palatasida ko‘pchilik ovoz berishi, senatda esa 100 nafar senatordan uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi.

Trampga qarshi 2019 yilning dekabr oyida harbiy yordam evaziga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan saylovdagi raqibi Jo Baydenga qarshi korrupsiya bo‘yicha tergov ochilishini so‘raganligi uchun impichment jarayoni e'lon qilingandi.

O‘shanda Vakillar palatasida Trampga qarshi «mansab vakolatini suiiste'mol qilish» va «Kongress faoliyatini cheklash» ayblovlari qabul qilingandi.

Lekin senatdagi ovoz berish jarayonida respublikachilardan 53 kishi Trampni oqlash uchun ovoz bergan va impichment amalga oshmagandi. Shu tariqa, Tramp impichment bo‘yicha tergov ochilgan, ammo AQSh senatida oqlangan uchinchi prezidentga aylangandi.

Top