09:58 / 16.01.2021
4667
Shavkat Mirziyoyev: Yunusobod tumanining yalpi ichki mahsulotini ikki karra oshirishimiz kerak

Prezident 15 yanvar kuni Toshkent shahri tumanlarining sektor rahbarlari va faollar bilan muloqot qildi. Yunusobod tumanini rivojlantirish dasturlari muhokama qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Yunusobod tumanini 2021–2022 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan.

Sanoat va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish yo‘nalishida umumiy qiymati 14,4 trillion so‘mlik 141ta yirik va o‘rta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.

Shavkat Mirziyoyev poytaxtning bu tumanida hali katta imkoniyatlar borligini bildirdi.

«Agar mendan Yunusobod tumani o‘z imkoniyatidan to‘liq foydalanyaptimi, deb so‘rasangiz, davlat rahbari sifatida «yo‘q» deb javob beraman. Bu tumanning yalpi ichki mahsulotini ikki karra oshirishimiz kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlar bor.

2020 yilda 450 mlrd so‘m tushum qilingan, 2021 yilda 721 mlrd so‘m rejalashtirilibdi. Lekin men sizlarni ishontirib aytamanki, Yunusobod tumani bemalol 1 trln.lik marrani zabt eta oladi.

Ana shunda biz bemalol barcha muammolarni hal qila olamiz. Chunki iqtisodiy masalalarni hal qilgandan keyingina ijtimoiy muammolarni yechishga imkon bo‘ladi.

Vaqt shiddat bilan o‘tib ketyapti. Kechagina yangi yilni nishonlagandik, bugun 15 yanvar. Yaqinda Navro‘z bayramini nishonlaymiz, keyin Mustaqillik bayrami keladi. Birpasda yil tugab qoladi. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan masalalarni yecha olishga ulgurishimiz kerak.

Mana, 15 kun o‘tib ham na qor, na yomg‘ir yog‘di. Ko‘pchilik Toshkent shahrida ishlab qiyinchilikdan noliydi. Men qurg‘oqchilikdan xavotirlanib, har kuni viloyatlar bilan gaplashib turibman. Mana, qanday muammolar bor? Sizlar buni bilmaysizlar, ilohim bilmanglar ham», – dedi davlat rahbari yig‘ilganlarga qarata.

Top