16:14 / 16.01.2021
14123
«Ushbu muammoli vaziyatga befarq qarab turmaymiz». Sport vazirligi shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq mojaroli holat bo‘yicha bayonot berdi
Foto: AP

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda iste'dodli shaxmatchilar o‘rtasida yuzaga kelgan muammoli vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonlik iqtidorli shaxmatchilar bilan shaxmat federatsiyasi o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammoli holat yuzasidan qator xabarlar e'lon qilindi.

Grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova 2020 yildan boshlab xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan ishtirok etishga qaror qilgani, o‘z navbatida, dunyoning eng yosh grossmeysterlaridan biri, turli yosh toifalarida 6 karra jahon chempioni Javohir Sindorovning O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan shaxmatchilarga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, o‘z federatsiyasini almashtirishi mumkinligi haqida bergan intervyusi juda ko‘plab fuqarolarning diqqat-markazi va e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi sanaladi. Shu sababli O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda mamlakatimizning eng iqtidorli shaxmatchilari o‘rtasida yuzaga kelayotgan ushbu muammoli vaziyatga befarq qarab turmaymiz.

Shu maqsadda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati mavjud vaziyatni xolisona o‘rganish va muammoga adolatli yechim topish maqsadida G.Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan uchrashdi. Unda Gulruxbegimning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘lganligi, iste'dodli shaxmatchi O‘zbekiston terma jamoasiga qaytarilishi, xalqaro maydonlarda jonajon vatanimiz bayrog‘ini himoya qilishga tayyorligi kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Shuningdek, yosh va umidli shaxmatchimiz J.Sindorovning bobosi Komil Sindorov va yana bir qancha shaxmat mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning dardi tinglandi. Shaxmatchilarning oilasi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan o‘zaro munosabatlari o‘rganildi.

Ta'kidlash kerak, Gulruxbegim Tohirjonova, Javohir Sindorov kabi umidli sportchi yoshlar hukumatimiz va xalqimizning doimiy e'tiborida”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Avvalroq, grossmeyster Gulruxbegim Tohirjonova AQSh nomidan dona surishi, Nafisa Mo‘minova va Hulkar Tohirjonova terma jamoadan chiqarilgani xabar berilgandi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bu xabar ortidan bildirilgan qator tanqidlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bayonotda OAVda e'lon qilingan maqolalar bir tomonlama yoritilgani aytilgan. Shuningdek, unda terma jamoadan chiqib ketish fikri sportchining o‘ziga tegishli ekani va bunda boshqalarni aybdor qilish mumkin emasligi ta'kidlangan.

Federatsiya munosabati shaxmatchilarda yana qator e'tirozlarni uyg‘otdi. Opa-singillarning o‘rtanchasi Hulkar Tohirjonova Kun.uz bilan suhbatda federatsiya bayonotidagi fikrlarga javob qaytardi.

Federatsiya Gulruxbegim Tohirjonovaning terma jamoa safidan chiqarilishini uning 2019 yilda AQShga o‘qishga ketgani bilan izohlagandi. Opasi esa o‘qishga ketish sportchini terma jamoadan chetlatish uchun sabab bo‘lolmasligini aytib o‘tdi.

Top